Aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida juma va taroveh namozlarini amalga oshirishda 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar, yosh bolalar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslar ibodatlarni uy sharoitida amalga oshirishlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borilmoqda, deya xabar berdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.

Har bir namozxon masjid ichida, namoz davomida tibbiy niqob taqqan holda bo‘lishi va masjidga kirishda dezinfeksiya vositasidan foydalanishi kerakligi eslatib o‘tildi.

Bino xonalarini har kunlik dezinfeksiya qilish, kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar bilan jihozlash kabi muhim jihatlar ham alohida qayd etildi.

Murakkab epidemiologik vaziyatni e’tiborga olib, O‘zbekiston faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlar ham jamoaviy ibodatlarni yuqoridagi tavsiyalar asosida amalga oshirish choralarini ko‘rishlari alohida ta’kidlandi, deyiladi xabarda.