Jizzax viloyati Baxmal tumanida O‘zbekiston prezidentini internetda haqoratlagan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, 1969 yilda Baxmal tumanida tug‘ilgan fuqaro V.K internetning YouTube va Facebook tarmoqlarida profillar ochib, ushbu profillari orqali turli mavzularda internet tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishlar qilgan.

«O‘z chiqishlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka noto‘g‘ri talqin qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini internet tarmoqlari orqali haqoratlab, davlat rahbarini obro‘siga putr yetkazish va kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatib, tuhmat qilib kelayotganligi holati aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan DXX Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston prezidentini internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, prezidentni internetda haqoratlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan edi.