Joriy haftada prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazadi. Qolaversa, davlat rahbari olti mamlakat va Yevropa Ittifoqining yangi tayinlangan elchilarini qabul qilishi kutilmoqda.

Bu haqda prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Joriy hafta xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bilasizlar, bu soha iqtisodiyotda, aholi bandligini ta’minlashda juda katta salohiyatga ega. Rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning katta qismini shu soha ta’minlaydi. Bizda ham bu sohani to‘liq ishga solish maqsadida yangi imkoniyatlar, qulayliklar belgilanishi kutilmoqda», — dedi u.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Matbuot kotibining ta’kidlashicha, hafta davomida xorijiy davlatlarning yangi elchilari prezident qabulida bo‘lishadi.

«Prezidentimiz Bangladesh, Chexiya, Misr, Iordaniya, Turkiya, Yevropa Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasi elchilari Muhammad Jahongir A’lam, Vatslav Yilek, Amira Faxmi, Demiya Zuhayr Xaddad, Olgan Bekar, Sharlotta Adrian va Oleg Мальгиновдан ishonch yorliqlarini qabul qiladilar. Bo‘lajak marosim yangi elchilarning yurtimizdagi faoliyatini rasman boshlab beradi», — deya ta’kidladi Sherzod Asadov.

Bundan tashqari, shu kunlarda davlat rahbari ishtirokida oyning oxirigacha tashkil etiladigan bir qator ikkitomonlama va yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilishi ta’kidlandi.