Dushanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayadi, deya xabar berdi O‘zgidromet. Kunning o‘rtasiga kelib, havo 24−27° iliqgacha isiydi.

20−21 aprelda O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari, so‘ng Ural hududlaridan deyarli sovuq antitsiklon kirib keladi.

20 aprelda kunduz kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida faqat ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechasi 12−17° iliq, kunduzi 17−22° iliq atrofida bo‘ladi.

21 aprelda respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Kunduzgi havo harorati 13−18° iliqgacha pasayadi. Respublikaning ayrim tumanlarida 20−21 aprelda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 20−21 aprelda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, sel kelishi xavfi bor.

Ish haftasining ikkinchi yarmida O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo‘ladi.

22 aprelda sovuq antitsiklon periferiyasida harorat kechalari 3−8° iliqgacha pasayadi, kunduz kungi harorat esa asta-sekin ko‘tarila boshlaydi va kunduzi havo 17−20° iliqgacha isiydi, 23 aprelda esa 22−25° iliqgacha ko‘tariladi.

Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida 2200 m dan yuqorida qor ko‘chishi xavfi bor, deya ogohlantirmoqda sinoptiklar.