Ichki ishlar vazirligi karantin qoidalarini buzganlarga nisbatan qat’iy qonuniy choralar ko‘rilishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, 18 apreldan boshlab Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maxsus respublika komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda karantin cheklovlari kuchaytirildi. Huquq-tartibot xodimlariga jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofa va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

«Bugungi kunga qadar ichki ishlar organlari xodimlari asosan karantin qoidalarini buzgan fuqarolarni ogohlantirish bilan cheklanib kelmoqdalar. Bundan buyon qonunni buzganlarga nisbatan eng qat’iy qonuniy choralar qo‘llaniladi», — dedi IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov.

Toshkent shahar IIB ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda birgina 18 aprel, yakshanba kunining o‘zida jamoat joylarida niqobsiz yurish holatlari bo‘yicha 773 ta bayonnoma tuzilgan. Cheklovlar haqida ogohlantiruvchi 818 ta profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

2020 yil mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyev qonunchilikka epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzilishini va ular uchun javobgarlikni oshirishni belgilovchi tuzatishlarni imzoladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga binoan, xavfli infeksiyalar tarqalayotgan sharoitda jamoat joylarida niqobsiz yurish vakolatli organning maxsus talablariga zid hisoblanadi va BHMning 5 baravarigacha qiymatda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Infeksiya tarqalishining oldini olish uchun belgilangan qoidalarni buzgan fuqarolarga BHMning 20 dan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 dan 50 baravarigacha jarima solinishiga olib keladi.

287-moddaga kiritilgan o‘zgartirishlar ichki ishlar organlariga va Milliy gvardiyaga epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzgan shaxslarni ma’muriy qamoqqa olish vakolatlarini beradi. 288-moddaga binoan ular 24 soatgacha hibsga olinishi mumkin.