Yevropada futbol bo‘yicha Superliga tashkil qilinmoqda. Mazkur musobaqaning tashkilotchisi kim? Musobaqa rahbariyati, uning o‘tkazilishi formati qanday bo‘ladi? UEFA bunga nima deydi? Bularning barchasi haqida batafsil ma’lumotlar «Gazeta.uz» xabarida.

Tashkilotchi kim?

Superligani tashkil qilishni rejalashtirayotgan klublar nomi e’lon qilindi. «The New York Times» nashrining yozishicha, klublar allaqachon yangi turnir to‘g‘risida prinsipial kelishuvga erishishgan va 12 jamoa ta’sischi maqomini olib, Superligani boshlashni rejalashtirayotganlarga qo‘shilish istagini bildirgan.

Quyidagi jamoalar Superligada ishtirok etishi ma’lum:

  • Ispaniyadan «Real Madrid» «Barselona», «Atletiko»;
  • Italiyadan «Milan», «Inter», «Yuventus»;
  • Angliyadan «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Tottenxem».

Yangi tuzilgan Superliga prezidenti «Real Madrid» klubi prezidenti Florentino Peres bo‘ladi. Klublar bu musobaqani tashkil eta olishsa, uning o‘yinlaridan tushadigan foyda o‘zaro teng taqsimlanadi. Ushbu klublar UEFA Chempionlar Ligasidan tushadigan daromadlarni noto‘g‘ri taqsimlashidan norozi bo‘lishganligi aytilmoqda.

UEFA va FIFA Superliga haqida nima deydi?

FIFA Yevropaning top-klublari tomonidan tashkil etilgan Superligaga o‘z munosabatini bildirdi.

«FIFA adolatli taqsimot modeliga qat’iy sodiqdir. Chunki jahon miqyosida futbolni rivojlantirish — tashkilotning asosiy vazifasi. Nizomga muvofiq, har qanday milliy, mintaqaviy va global miqyosdagi futbol turnirlari har doim moliyaviy taqsimotning asosiy tamoyillarini aks ettirishi kerak.

Shunday qilib, FIFA xalqaro futbol tuzilmalaridan tashqaridagi «Yevropaning yopiq ligasi»ga noroziligini bildiradi.

FIFA doim jahon futbolidagi birdamlikni qo‘llab-quvvatlaydi va qizg‘in muhokamalarda ishtirok etayotgan tomonlarni muvozanatli muloqotga chorlaydi", — deb bayonot beradi FIFA.

UEFA ham Superliga haqidagi xabarlar to‘g‘risida bayonot berdi. Ushbu bayonot Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA), APL, Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF), La Liga, Italiya futbol federatsiyasi (FIGS) va A Seriya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Mazkur tashkilotlar Superliga loyihasi amalga oshmasligi uchun barcha choralarni ko‘radi. Ushbu loyiha amalga oshgan taqdirda, unda ishtirok etgan klublar milliy chempionatlardan chetlatiladi, ularning Yevropa yoki jahon miqyosidagi musobaqalarda qatnashishi taqiqlanadi. Shuningdek, o‘sha klublarda to‘p tepadigan o‘yinchilar terma jamoalarda o‘ynash huquqidan mahrum qilinadi.

Bayonotda Superliga loyihasida ishtirok etishdan bosh tortgan nemis va fransuz klublariga minnatdorchilik ham bildirilgan.

Superliga rahbariyati kimlar?

Turnir raisi Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres etib tayinlandi. O‘rinbosarlar — «Yuventus» jamoasi prezidenti Andrea Anelli va «Manchester Yunayted» prezidenti Joel Gleyzer. «Yuventus» prezidenti Andrea Anelli Superliga yaratilishiga qarshi chiqayotgan Yevropa klublari Assotsiatsiyasi (ECA)dan ketdi. U shuningdek UEFA ijroiya qo‘mitasini ham tark etdi.

Musobaqa formati haqida

Musobaqada 20ta klub qatnashadi. Ulardan 15tasi ta’sischi klub va mavsumdagi natijalariga ko‘ra qo‘shiladigan yana 5 jamoa.

Jamoalar 10tadan bo‘lib, ikki guruhga taqsimlanadi va uy-safar tizimida o‘yin o‘tkazishadi. Har bir guruhdan 3tadan eng yaxshi jamoa chorakfinalga yo‘l oladi. To‘rtinchi va beshinchi o‘rinni egallagan klublar qo‘shimcha ikki o‘yindan iborat pley-offda bellashishadi. Chorafinal va yarimfinal bahslari uy-safar tizimida, final neytral maydonda o‘tkaziladi. O‘yinlar har hafta bo‘lib o‘tadi.

Turnir avgust oyi o‘rtalarida boshlanishi rejalashtirilgan.

Moliyalashtiruvchi kim?

Musobaqa bosh homiysi JP Morgan banki ligaga 4,6 milliard funt sarmoya kiritishga tayyor. Bu haqda «Sports.ru» nashri xabar bermoqda. Bankning o‘zi translyatsiya huquqlarini sotishdan kelgusi daromadlardan mablag‘larni qaytarishni kutmoqda.

  • Superligani startaplar va yosh loyihalarni barpo etadigan Key Capital Partners kompaniyasi ham qo‘llab-quvvatlaydi. KCP, albatta, o‘z mablag‘iga ega bo‘lmaydi (u 2007 yildan beri 100 million funt sarmoya kiritdi), ammo kompaniya yangi homiylarni jalb qilishi mumkin.
  • Corriere dello Sport xabariga ko‘ra, DAZN televizion huquqlari uchun 3,5 milliard yevro to‘lashga tayyor, lekin kompaniya bu xabarlarni rad etgan.
  • 15 ta ta’sischi klublar rivojlanish uchun 3,1 milliard funt sterling (89 milliondan 310 milliongacha) oladi. Pulni stadionlarga, mashg‘ulotlarga yoki «COVID-19 tufayli bo‘sh stadionlar bilan bog‘liq yo‘qotishlarni qoplashga» sarflash mumkin.

YeCHL va YeL davom etadimi?

UEFA tez orada yevrokubokning joriy mavsumidagi qolgan o‘yinlarning o‘tkazilishi borasida xabar beradi. Jurnalist Fabritsio Romanoning ta’kidlashicha, UEFA ayni daqiqalarda hali yevrokuboklarning yaqin o‘yinlari borasida hech qanday bayonot bermadi. Tez orada yig‘ilish bo‘lib o‘tadi va unda qaror qabul qilinadi.