Prezident Shavkat Mirziyoyev YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va Parlament assambleyasi to‘laqonli missiyasini bo‘lajak saylovlarni kuzatish uchun O‘zbekistonga taklif etdi. Bu haqda dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

14 aprel kuni davlat rahbari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Lindeni qabul qilgan edi.

«Bu borada bizga xolisona baho kerak», — deya prezidentning Ann Linde bilan uchrashuvidagi so‘zlaridan iqtibos keltirdi matbuot kotib.

Sherzod Asadovning ta’kidlashicha, xalqaro tashkilot vakili «O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini, ular Shvetsiyaning YeXHTdagi raisligining ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq hamohang ekanini qayd etgan».

O‘zbekistonda prezident saylovlari joriy yilning 24 oktyabrida bo‘lib o‘tadi.

2020 yil oxirida parlamentga yo‘llagan murojaatida prezident Shavkat Mirziyoyev «bo‘lajak saylovlarni milliy qonunchilik va umum’etirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim» ekanligini ta’kidlagan edi. «Biz o‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalarini milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz», — degan edi davlat rahbari.