Adliya vaziri Ruslanbek Davletov «Hoshimov Iqtisodiyoti» loyihasiga bergan intervyusida ijro hokimiyati qonun ishlab chiqishda nega faol bo‘lishi va parlamentning qonun ishlab chiqish uchun resurslari yetishmasligiga to‘xtaldi.

«Aksariyat davlatlarda, asosan, ijro hokimiyati qonun loyihasini ishlab chiqish nuqtai-nazaridan faol bo‘ladi. Ko‘proq qonun tashabbusi bilan chiqadi. Chunki shu sohani boshqaradi, sohadagi jarayonlarni yaxshi tushunadi, muammosini ham biladi. Shuning uchun tashabbus huquqini bu yerda hech qanday salbiy element sifatida qaramaslik kerak. Chunki parlament qonun loyihasini ko‘rib chiqib, birinchi o‘qish, ikkinchi o‘qish degan bosqichlardan o‘tkazadi», — dedi vazir.

Ruslanbek Davletov qonun loyihalarini ishlab chiqish uchun ijro hokimiyatida resurlar yetarlicha ekanligini ta’kidladi.

«Ijro hokimiyati qonunni ishlab chiqadi, ekspertlarni jalb qiladi, chet elliklar bilan ishlaydi, boshqa davlat organlari bilan ishlaydi, jahon tajribasini o‘rganadi, xalq bilan muloqot qiladi. Eng asosiysi shuning asosida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yadi. Turli fikrlar shakllanib, bir manfaatni ko‘zlaydigan qonun loyihasi ishlab chiqilishiga oldini oladigan tizimlar bor».

Adliya vazirining qayd etishicha, parlament deputatlariga bu masalada resurs yetishmaydi.

«Deputatlar bunga qiynaladi. Chunki ularda bunday resurs yo‘q. Ularda har doim ham soha bo‘yicha tahlil bo‘lmaydi. Deputatning yordamchisi ham yo‘q. Unga tahlil qilib beradigan yoki jahon tajribasini o‘rganadigan, chet tillarini biladigan yordamchi yo‘q. Yaqinda parlament tadqiqotlar instituti shakllantirildi. Mana shu institut ham deputatlarga ularning tashabbusini to‘g‘ri yo‘naltirishga juda katta yordam beryapti», — dedi u.

«Deputatlarda salohiyat bor, resurs yo‘q. AQSHda bir nafar kongresmenda bizdagi bir vazirlikdagi resurs bor. Bir nafar federal sudyada 6 nafar yordamchisi bor. Bir nafar federal sudyani aytdim, Oliy sudning sudyasini aytmayapman. Bizda esa Oliy sudning sudyasida yordamchi yo‘q. Bir deputatga chet elda o‘qigan, 5 nafar yordamchi qilib berilsa, bittasi yurist, bittasi iqtisodchi, bittasi moliyachi bo‘lsin, ular kuchayadi».

Ruslanbek Davletovning fikriga ko‘ra, «qonunni kim ishlab chiqishi katta ahamiyatga ega emas», hamma narsa qaror qabul qilish tizimiga bog‘liq. «O‘ylab ko‘ring, avval parlamentning byudjetdagi o‘rni qanday cheklangan edi?! O‘zgaryaptiku hozir. Byudjet jamoatchilik muhokamasiga chiqyapti, avval hech qachon bo‘lmaganku».

Vazir parlament o‘z qarori bilan bunday resurslarga ega bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

«Hozir Senatga yangi vazifalar yuklandi. Tanzila Kamolovna (Senat raisi — tahr.) xalqaro reytinglar bo‘yicha ishlayapti, xotin-qizlar bo‘yicha ishlayapti. Bu uchun tegishli tuzilmalar, alohida bo‘limlar tuzildi. Aks holda boshqarish qiyin bo‘ladi. Senatning o‘zi qarori bilan shu bo‘limlarni tuzdi. Qilishga haqqi bor, qila oladi ham».

Deputatlar ham faol bo‘lmoqda. Hozir 10−15% loyihalarni deputatlar ishlab chiqishmoqda. Albatta, kichkina-kichkina loyihalar, lekin yaxshi tendensiya bo‘lyapti. Oldin umuman yo‘q edi".

Intervyudagi boshqa iqtiboslar

«Qaysidir organga ko‘p vakolat berilsa, bu suiiste’molchilikka olib keladi. Masalan, siz Adliya vazirligini kuchaytirib yuboring hozir, men o‘zim shuni suiiste’mol qilmasam ham, bizning tizimda 8 000ta odam ishlaydi, u yerdagi qaysidir o‘rta va quyi bo‘g‘indagi xodimlar uni suiiste’mol qilishni boshlaydi. Bu bo‘lishi aniq bo‘lgan jarayon, shuning uchun bir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar albatta ishlashi kerak».

«Kimgadir imtiyoz beriladigan bo‘lsa, unda ham ijtimoiy adolat prinsipiga asoslanib, berilishi kerak. Ayollarni qo‘llab-quvvatlashmi, yoki boshqa qatlamlarnimi».

«Rivojlanishni tahlil qiladigan bo‘lsak, ko‘p narsa qaror qabul qilish tizimiga bog‘liq. Xalqning hayotiga ta’sir qiladigan asosiy qarorlarni qabul qilish prinsipi qanday degan savolga javob beruvchi tizim — hokimiyatlar bo‘linishi. Qaror qabul qilganda kollegiallik bo‘lsa, kamroq adashiladi. Yakka hokimlik har doim sub’ektivizmga olib keladi va ko‘proq ishtirokchilarning manfaatini e’tiborga olmaslikka olib keladi. Ishtirokchilar deganda butun jamiyatdagi ishtirokchilar, har xil manfaati bilan yashayotgan sinflar, aholi qatlamlari [tushuniladi]».

«Ijro hokimiyati o‘zini ko‘proq vakolatga ega bo‘lishini xohlaydi va qandaydir islohotlar yuritish uchun qadamlarni amalga oshiradi. Lekin, qonunlarni o‘ziga-o‘zi belgilab beradigan bo‘lsa, o‘zini foydasiga qonun chiqaradi. Shuning uchun ham davlatning huquqiy siyosatida ham biz davlatni qonun bilan boshqarish kerak deyapmiz. Qonunosti hujjatlari — bu ijro hokimiyatining o‘zi qabul qiladigan hujjatlar, o‘zini manfaatiga u hujjatlarni qabul qiladi».

«Kimdir aytadi „Prezident — bu shaxs“ deb. Bu juda katta davlat instituti, prezidentlik instituti».

Intervyu