O‘zbekistonda koronavirus kasalligiga chalingan bolalar soni keskin ko‘paymoqda, ular orasida o‘lim holati ham qayd etilgan, deyiladi «Rost24» nashri tomonidan tayyorlangan videolavhada.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning dekabr oyida Zangiota tumanidagi shifoxonada 50 o‘rinli bolalar bo‘limi ham tashkil etilgan edi. Hozirda u 100 o‘ringa kengaytirilgan.

Rost24 nashrining yozishicha, oxirgi vaqtda bolalar orasida koronavirusga chalinganlar ko‘payishi kuzatilmoqda. Zangiotadagi ixtisoslashgan shifoxonada 2020 yilning dekabr oyida 38 nafar, 2021 yilning yanvar oyida 82 nafar, fevral oyida 94 nafar va mart oyida esa 165 nafar, va hozirgacha 400 nafarga yaqin bola davolangan.

Bolalar bo‘limi direktori o‘rinbosari Hilola Alimovaning ta’kidlashicha, bolalar orasida pnevmoniya holatlari ham kuzatilmoqda: «Bu degani, bolalar orasida COVID-19 kasalligi ko‘paydi deb aytsa bo‘ladi. Bundan tashqari bolalarda pnevmoniya holatlari ham kuzatilmoqda. Ayni kunda bo‘limimizda 27 nafar bolaning 13 nafari pnevmoniyaga davolanmoqda», — deydi u.

Shifokorlarning aytishicha, koronavirusga chalingan bolalarda kasallikning quyidagi alomatlari ko‘p uchramoqda.

«Bo‘limimiz ochilganida boshidagi klinik simptomlaridan quruq yo‘tal va tana haroratining ko‘tarilishi bo‘lgan. Oxirgi bir oy ichida esa bolalar ich ketishi bilan kelishmoqda. Ya’ni bolalarda holsizlik va tana haroratining ko‘tarilish kuzatilmoqda», — deydi pediatr Hilola Mardonova.

Ayni kunlarda bolalar bo‘limida davolanuvchilarning asosiy qismi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Shuningdek, maktab o‘quvchilari ham bor.

Bolalar bo‘limi direktor o‘rinbosari Hilola Alimovaning aytishicha, «bolalar oldingi uslubda ya’ni ancha yengil muolajada davolanishmoqda, bakteriya bo‘lsa, antibiotiklar qo‘shiladi».

«Bolalar bo‘limining jonlantirish bo‘limida bemorlar yo‘q. Kasallikka chalinganlar sog‘aymoqda. Shu vaqtgacha Zangiota maxsus shifoxonasida bir nafar bolaning o‘limi qayd etilgan», — deyiladi lavhada.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Zangiota 1-shifoxonasida 860 nafar, 2-shifoxonada 632 bemor davolanmoqda. Ammo shifokorlarning aytishicha, pnevmoniyani o‘tkazib yuborgan holda kelayotganlar ko‘p uchramoqda.