Samarqand shahrida Nexia-3 rusumli avtomobil velosipedchini urib yuborgani hamda avtomobil egasi voqea joyidan qochib qolgani aks etgan video lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha YHXBB izoh berdi.

19 aprel kuni soat 07:30larda Samarqand shahridagi Gagarin ko‘chasida haydovchi S.M. Nexia-3 rusumli avtomobilni boshqarayotib, yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga kesib o‘tayotgan velosipedchi A.A.ni urib yuborib, YTH sodir etgan.

Natijada, velosipedchi 35 yoshli A.A. tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Tekshiruv davomida velosipedchining mastlik holatida bo‘lganligi aniqlangan.

«Mazkur YTH yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Farg‘onada ikki kunda ikki nafar velosipedchi YTHga uchrab, halok bo‘lgan edi.