17 aprel kuni Osiyo Chempionlar ligasi doirasida «Paxtakor» jamoasi o‘z ishtirokini davom ettirdi. «B» guruhidan joy olgan O‘zbekiston jamoasi 2-tur uchrashuvini Iroqning «Eyr Fors» klubiga qarshi o‘tkazdi. Zerikarli kechgan bahsda 0:0 hisobidagi durang natija qayd etildi.

Birinchi bo‘limda tashabbus to‘lig‘icha «Paxtakor» tarafida bo‘ldi. 18-daqiqada Cheranning uzatmasidan keyin Erkinov raqib darvozaboni bilan birga-bir chiqib bordi, ammo Hojimatning zarbasiga aniqlik yetishmadi. Oradan hech qancha o‘tmasdan qulay vaziyatda Derdiyok to‘pga yetib kela olmadi. Birinchi bo‘lim oxirlarida Cheran ikki holatda qulay imkoniyatga chiqdi, biroq har ikki safar Rashidovning uzatmasidan keyin Dragan salgina noaniq zarbalar yo‘lladi.

Ikkinchi bo‘limning dastlabki qismida to‘pni ko‘proq nazorat qilish endi iroqliklar tarafiga o‘tdi. Lekin uchrashuvda Quvvatov darvozasi tomon haqiqiy xavf tug‘dirgan birorta zarba berilmadi. Bahs so‘nggida yana oldinga tashlangan «Sherlar» bir necha keskin vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Biroq Cheranning ikki zarbasi golga aylanmagan bo‘lsa, Yo‘ldoshev va Muhiddinovning zarbalarini himoyachilar qaytarishdi.

O‘yindan so‘ng toshkentliklar bosh murabbiyi Piter Xyuistra o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

«Menimcha, bugungi o‘yinda g‘alabaga haqli edik. Birinchi bo‘limda imkoniyatlar yuzaga keltirdik. Ikkinchi bo‘limni yaxshi boshlamadik, lekin almashtirishlardan keyin yana tashabbusga erishdik. Biroq gol ura olmadik. Bugun birinchi bellashuvga nisbatan faolroq o‘ynadik.

Oxirgi mo‘ljalni nishonga olishda adashdik. O‘yin boshidanoq vaziyatlar yuzaga keltirdik. Raqibda esa darvozaga xavfli zarba deyarli bo‘lmadi. Biz hujumkor futbol ko‘rsatishga intilamiz. Hujum uyushtirish va o‘yin nazoratida yaxshiroq bo‘ldik. Endi keyingi bahsda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz", — deydi «Paxtakor» ustozi.

Eslatib o‘tamiz, 1-turda «Paxtakor» jamoasi Eronning «Traktor» klubiga qarshi bahsda 3:3 hisobidagi durangga imzo chekkan edi. 2-turdan so‘ng guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turgan «Paxtakor» 20 aprel kuni «Sharja» bilan bellashadi.

Shuningdek, bugun olmaliqning AGMK klubi Tojikistonning «Istiqlol» jamoasiga qarshi OCHLdagi 2-tur uchrashuvini o‘tkazadi.