O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmatiga muhim vazifalar topshirilgan bo‘lib, hayotning barcha sohalari, shubhasiz, uning faoliyatiga bog‘liq. Bu faqatgina odatiy ob-havo bashoratidan iborat emas, balki fuqaro aviatsiyasi uchun meteorolik xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar uchun prognozlarni hozirlash, daryolarning suvlilik darajasi prognozlari, qor ko‘chkisi va sel toshqinlari xavfi, atmosfera havosi, suv va tuproqning ifloslanish holati va boshqa ko‘plab ma’lumotlarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

6 aprel kuni Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) mutaxassislari Bo‘stonliq tumanida — Toshkent viloyatining Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududdagi eng baland nuqtasida vertolyotda doimiy aerovizual kuzatuvlardan birini o‘tkazdi. Shu yerda, dengiz sathidan 2100 m balandlikda O‘zgidrometning eng baland tog‘ meteostansiyasi — Oygaing ixtisoslashgan qor ko‘chki stansiyasi joylashgan. Markaz taklifi bilan bir guruh jurnalistlar, jumladan, «Gazeta.uz» muxbiri O‘zgidrometning, xususan Oygaing stansiyasida yashab, mehnat qilayotgan xodimlari faoliyatiga nazar tashlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tog‘lar sari parvoz.

Ushbu hududda aerovizual kuzatuvlar bahorda hukumat tomonidan tasdiqlangan reja asosida qor to‘planish hajmlarini aniqlashtirish, qor qoplamlari, muzliklar, daryolar, sel va ko‘chki xavfi mavjud bo‘lgan zonalar, yorilish xavfi bo‘lgan ko‘llar (ulardan biri Shoburko‘l) holatini baholash, gidrometeorologik vaziyatlar va geologik jarayonlarning rivojlanish dinamikasini kuzatib borish va prognozlashtirish maqsadida amalga oshiriladi,

Oygaing stansiyasi

Toshkentdan Oygainggacha vertolyotdagi parvoz bir soatdan ziyodroq davom etdi. Yilning sovuq vaqtlarida bu yerga faqatgina shu orqali kelish mumkin. Yozgi vaqtlarda esa bu yerlarga «UAZik"larda kelib-ketish mumkin. Mashinada poytaxtdan bu yerga qadar yetti soatdan ziyodroq vaqt yo‘l bosish kerak. Eng yaqin aholi punkti — Pskom qishlog‘igacha 80 km bor.

Yashil tog‘oldi hududlari qorli cho‘qqilar bilan almashmoqda.

Oygaing daryosi.

Oygaing stansiyasi O‘zgidromet va Toshgidrometning tezkor ishlab chiqarish bo‘linmasi hisoblanib, asosiy vazifasi qor ko‘chkilari va gidrometeorologiya kuzatuvlarini olib borishdan iborat. U 1962 yil 1 dekabrdan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda va Chorvoq suv omboriga quyiladigan Pskem daryosi tarkibiga kiruvchi Oygaing daryosi qirg‘og‘idagi tekis tog‘ darasida joylashgan. Stansiya joylashgan joyning asosiy landshafti — alp o‘tloqlari va archazorlar. Oygaing va uning irmoqlari havzasi qalin qayin o‘rmonlari bilan qoplangan. Bu yerda bo‘ri, ayiq, tulki va qor barsi kabi yovvoyi hayvonlar uchraydi.

Oygaing stansiyasi yaqinida.

Vertolyot qo‘nadigan joy ko‘mir bilan belgilab chiqilgan.

Stansiyada uchta xodim bor — boshliq va ikki nafar meteorolog-texnik. Boshliq Ravshan Ibragimov va uning rafiqasi bir necha yildan beri shu yerda yashashadi, ularning Safar ismli kichik o‘g‘li bor. Boshqa bir o‘g‘li esa bu yil birinchi sinfga bordi, ota-onasi uni kamdan-kam ko‘rishadi. Siz stansiyani faqat mehnat ta’tili paytida, asosan yozda va faqat «O‘zgidromet» rahbariyatining ruxsati bilan tark etishi mumkin.

Stansiya hududida xizmat binosi va bir necha xonadan iborat uy joylashgan. Har yili kuzda bu yerga vertolyotda oziq-ovqat, yoqilg‘i-moylash materiallari, dori-darmon vositalari, maxsus liboslar va kerakli materiallar yetkazib beriladi. Bundan tashqari, bu yerda chorva va parrandalar ham saqlanib, xodimlarni yangi sog‘ilgan sut, tuxum va go‘sht bilan ta’minlaydi. Odamlar bilan it ham yashaydi.

Meteorologik quti va yomg‘ir o‘lchagich. Yuqorida, tepalikda yangi avtomat (chapda) va yarim avtomat ob-havo stansiyalarining ustunlari joylashgan.

Oygaing stansiyasi xodimlari kuniga sakkiz marta — har uch soatda — havo va tuproq harorati, havo namligi, atmosfera bosimi, shamol yo‘nalishi va tezligi, yog‘ingarchilik darajasi, shuningdek, qor qoplamining balandligi va qor ko‘chkisi ehtimoli (kuniga bir marta) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ro‘yxatga olib, markazga yuboradi.

Qor qalinligini o‘lchaydigan ustunchalar. Bu yerda qor qalinligi — 1 metr 5 sm.

Mazkur stansiya tarkibiga Ko‘ksuv daryosining yuqori qismi va havzasida joylashgan ikkita axborot bermaydigan gidrologik post ham kiradi. Ularda suv sathi, uning harorati, havo harorati va yog‘ingarchiliklar darajasi o‘lchanadi, qishgi vaqtlarda esa muz bilan bog‘liq hodisalar kuzatuvi olib boriladi. Bu yerda mobil aloqa mavjud emas, aloqa faqatgina ratsiyalar orqali amalga oshiriladi.

Avtomatlashtirilgan meteostansiya.

O‘tgan yilning dekabrida binolar yonidagi tepalikka 10 metrli ustunli yangi avtomatlashtirilgan meteostansiya o‘rnatildi. Ravshan Ibragimovning aytishicha, avvalroq xodimlar har qanday ob-havo sharoitida ham asboblar ko‘rsatkichlarini qayd etish uchun meteomaydonchaga borishlari kerak edi. Endi ma’lumotlar avtomat ravishda kompyuterga, u yerdan esa sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali O‘zgidrometga uzatiladi. Bir vaqtning o‘zida, ular ma’lumotlar bazasida arxivlanadi.

Stansiya boshlig‘i Ravshan Ibragimov.

Avtomatlashtirilgan meteostansiyaning joriy ma’lumotlari kompyuterda aks etadi.

Shunga qaramay, joriy yil davomida yangi meteostansiya sinov muddati davom etar ekan, xodimlar qo‘lda o‘lchovlarni amalga oshirib, ularni avtomat ravishda qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar bilan taqqoslashda davom etadilar. Avtomatlashtirilgan meteostansiya yonida yarim avtomat stansiya ham mavjud — u 2005 yilda USAID ko‘magi bilan o‘rnatildi.

Avvalroq o‘rnatilgan yarim avtomat meteostansiya.

Hammasi bo‘lib Toshkent viloyatida 25 ta stansiya va meteorologik kuzatuv punktlari mavjud.

Qahramon Zohidov.

O‘zgidromet Gidrometeorologik kuzatuvlar tarmog‘i boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Zohidov yangi meteorologik stansiya prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zgidromet» faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi noyabrdagi qarori bilan o‘rnatilganini ma’lum qildi. Hujjat bilan 2020−2025 yillarda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi hamda markazning kuzatuv tarmog‘ini kengaytirish va avtomatlashtirish dasturi ham tasdiqlandi.

Oygaing stansiyasi tevarak-atrofi.

Farmon qabul qilinishidan oldin «O‘zgidromet» xodimlari ochiq xat e’lon qilib, unda ish haqining pastligi va tegishli xodimlarni ishdan bo‘shatish masalasini tezda hal etishni, shuningdek, O‘zgidromet faoliyatini va sohani rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyalari bo‘yicha choralar ko‘rishni so‘rashgan edi. O‘shandan buyon stansiya ishchilarining ish haqi uch baravarga oshdi. 2022 yilda Oygaing ob-havo stansiyasi uchun yangi binolar qurish rejalashtirilgan.

Oygaing stansiyasi binosi.

Hozirga qadar mamlakatda shu yerdagiga o‘xshash 50 ta avtomatlashtirilgan stansiya o‘rnatilgan. Ushbu ish davom etmoqda. Umuman olganda, farmon doirasida besh yil ichida meteorologik stansiyalar sonini 70 dan 89 gacha, qor ko‘chki stansiyalarini 3 dan 8 gacha, aviatsiya meteorologik stansiyalarini 12 dan 14 gacha, meteokuzatuv punktlarining umumiy sonini esa 335 tadan 397 taga oshirish rejalashtirilgan .

Oygaing stansiyasi tevarak-atrofi.

«Oygaing stansiyasining asosiy vazifalari — meteorologik kuzatuvlarni ishlab chiqarish va qor miqdorini aniqlashdir. Makur stansiya ma’lumotlari asosida aerovizual kuzatuvlar olib boriladi. Masalan, agar bu yerda qor darajasi 1−2 metrga yetgan bo‘lsa, demak, baland tog‘ yonbag‘irlarida qorning balandligi taxminan 3 metrni tashkil qilishi mumkin», — deb tushuntirdi Qahramon Zohidov.

Aviadesant ishlari

Yo‘lovchilarning bir qismini Oygaing stansiyasida qoldirgan O‘zgidromet mutaxassislari Pskem va Oygaing daryolari irmoqlaridagi suv havzalarining holatini kuzatish uchun uchib ketishdi.

«Bizning asosiy vazifamiz — qor ko‘chkilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qor qoplamining hajmini — balandligi, zichligi, harorati, maydonini aniqlash», — deydi O‘zgidrometning xavfli gidrometeorologik hodisalar monitoringi bo‘limi 1-toifali muhandisi Nodir Mamadaliyev.

«Parvoz butun mintaqani tavsiflovchi reprezentativ nuqtalar bo‘ylab amalga oshiriladi. Bu yerda masofaviy qor o‘lchagich ustunchalar o‘rnatilgan — ularning balandligi 3, 4, 5 metrni tashkil qiladi, ma’lumotlar esa vizual shaklda olinadi», — dedi u. Birgina Oygaing havzasida 20 dan ortiq shunday ustunchalar mavjud.

Nodir Mamadaliyev.

Ba’zi qor o‘lchash punktlarida mutaxassislar qor qoplamasining balandligini, uning tarkibini (zichligini) va haroratini o‘lchash uchun qorga tushishdi.

Ana shunday nuqtalardan biri dengiz sathidan 2937 metr balandlikda joylashgan.

O‘zgidrometning Xavfli gidrometeorologik hodisalarini kuzatish bo‘limi yetakchi muhandisi Adxam Mamaraimov va 2-toifali muhandisi Sergey Ataxanov qor o‘lchagich yordamida o‘rtacha qiymatni aniqlash uchun bir necha joylarda o‘lchov o‘tkazdilar, qor darajasi 195 dan 300 smgacha edi.

Adham Mamaraimovning so‘zlariga ko‘ra, qor, bu yerda o‘tkazilgan ekspeditsiyalar ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabrdan beri to‘planib, fevral-mart oylariga qadar maksimal balandlikka erishgan.

Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida qor zaxiralari hajmini aniqlash va daryolardagi suv hajmini taxmin qilish imkonini beradigan hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Ushbu ma’lumotlar hukumat va turli idoralar tomonidan, shu jumladan hududlar kesimida qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv hajmini taqsimlashda ishlatiladi.

Qor ko‘chkisini ro‘yxatdan o‘tkazish. Foto: O‘zgidromet.

Qahramon Zohidov qo‘shimcha ravishda qor ko‘chkilarini avtomat ravishda oldindan bashorat qiladigan qurilmalar yo‘qligini qo‘shimcha qildi. Buni faqat vizual kuzatish va hisoblash yo‘li bilan amalga oshirish mumkin. Nishablarning holatiga asoslanib, qor massasining taxminiy hajmi va ehtimoliy ko‘chki aniqlanadi. Xavf mavjud bo‘lgan taqdirda xatar to‘g‘risida ogohlantirish tayyorlanadi — o‘zbekistonliklar ushbu ma’lumotlarni muntazam ravishda SMS orqali oladilar.

Kuzatish nimani ko‘rsatdi

Aerovizual kuzatuv shuni ko‘rsatdiki, Pskem va Oygaing daryolari havzalarida qor zaxiralari ko‘p yillik o‘rtacha qiymatlarning taxminan 90 foizini tashkil qiladi, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati parvoz natijalari bo‘yicha «Gazeta.uz»ga.

Ayni vaqtda, qor qoplamining yuqori qatlami fevral va mart oylaridagi yog‘ingarchilik tufayli hosil bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. Suv zaxiralarining yuqori ko‘rsatkichlarini ta’minlaydigan zich, yarim muz qoplamini hosil qilish uchun havo harorati -15 … -18 daraja va undan pastroq bo‘lishi kerak. Fevral va mart oylarida bunday harorat bo‘lgan kunlar yetarli emas edi. Mart oyida havo harorati me’yordan 5−8 daraja yuqori bo‘lib, dengiz sathidan 2500 metrdan yuqori balandlikda qorning erishini tezlashtirdi va qor zaxirasini kamaytirdi.

Olingan ma’lumotlarni hisobga olgan holda, O‘zgidromet mutaxassislari vegetatsiya davrida Chirchiq daryosining suvlilik prognoz ko‘rsatkichlari me’yorning 75−80 foizini tashkil etishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

«Gazeta.uz» aerovizual kuzatuvlar o‘tkazilishi jarayoni bilan tanishish imkoniyati taqdim etilgani uchun O‘zgidrometga minnatdorchilik bildiradi.