17 aprel kuni bosh vazir boshchiligida bo‘lib o‘tgan Koronavirusga qarshi kurash shtabining yig‘ilishida O‘zbekistonga Janubiy Afrika shtammi kirib kelgani aytildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Abdulla Aripov kasallik manbalari bo‘yicha statistikaga to‘xtalib, 75% holatlarda oila va qarindoshlardan, 14−15% holatda ish joyidan, 6−7% holatda OTMlardan, 11−15% holatda umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan zararlanish qayd etilganligini ma’lum qildi.

«O‘tgan yilgi holat bilan taqqoslanadigan bo‘lsa, o‘shanda maktab bolalarida bu kasallik yo‘q edi. Yil boshida britancha shtamm bolalar o‘rtasida tarqaldi, biz bir nechta maktab va bog‘chalarni yopishga majbur bo‘ldik. Ya’ni, hozir kasallik ham o‘z turini o‘zgartirdi, yanada xavfliroq bo‘la boshladi. Oldin bolalarga ta’sir qilmagan bo‘lsa, hozir ularga ta’sir qilyapti, hattoki bog‘cha bolalariga ham ta’sir qilyapti», — dedi bosh vazir.

Hukumat rahbari koronavirusning Janubiy Afrika shtammi ham O‘zbekistonga bizga kirib kelganini ta’kidladi. «Buni Ilg‘or texnologiyalar markazi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati bilan birgalikda o‘rganishdi, chuqur tahlillar olib borishyapti va hammasini bir-biridan ajratib chiqdi», — dedi u.

«Biz hali chegaralarimizni yopganimiz yo‘q, shuni bilib qo‘yinglar. Chunki, barchasini to‘xtatib qo‘yish uchun katta darajadagi xavfni hali ko‘rayotganimiz yo‘q. Lekin kasallik ko‘payishni boshladi, yil boshida kuniga 15ta holat aniqlangan bo‘lsa, hozir 300taga chiqdi», — deya qayd etdi Abdulla Aripov.