Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Respublika koronavirusga qarshi kurashish komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida aprel-may oylaridan boshlab bir qator cheklovlar o‘rnatilishi ta’kidlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Yig‘ilishda pandemiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun Respublika byudjetidan 3 trln so‘m ajratilgani, vaksinatsiya jarayonidan tortib, kasallanishning oldini olish bo‘yicha zaruriy ishlar bajarilayotgani ma’lum qilingan.

Biroq, bosh vazir epidemiologik vaziyat barqarorlashgach yumshatilgan karantin choralariga nafaqat aholi, balki ayrim mansabdorlar ham amal qilmay qo‘lganini aytdi.

«Xattoki, 50 foiz aholisini emlagan Buyuk Britaniya mamlakatida ham vafot etganlarni ko‘mish bilan bog‘liq marosimlarda qatnashadigan odamlar soni 30 ta. Bizda ham 30 ta edi, epidemiologik barqarorlikka erishish natijasida, mutaxassislar tavsiyasi va taklifi bilan 100 tagacha olib chiqdik. Endi mumkin ekan deb, xattoki, ayrim rahbarlar ham 200−300 kishilik to‘y qilayapti. Bizda bu borada ma’lumotlar ham yo‘q emas. Kerak bo‘lsa, ular lavozimidan ketadi. Bir necha bor ta’kidlanganiga qaramay, davlat idoralaridagi yopiq zallarda 2−3 soatlab majlislar o‘tkazilyapti», — dedi u.

Abdulla Aripov prezident yig‘ilishlar 45 daqiqadan oshishi kerak emasligini ta’kidlaganini eslatib, rahbarlarga majlislarni «tez-tez o‘tkazib, ishini qilishini» aytdi.

Qolaversa, bosh vazir to‘ylar masalasida: «O‘tgan yili to‘ylarni to‘xtatishgacha borgan bo‘lsak, kerak bo‘lsa (joriy yilda ham — tahr.) qilamiz shu ishni. Xalq salomatligi uchun qilinadi», — deya ta’kidladi.

Shu bilan birga, IIV, Milliy gvardiya, Sanitariya epidemiologiya xizmati, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi uy sharoitida davolanayotgan bemorlarning xonadonlarida karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishi aytildi.

«O‘zbekchilikda bitta odat bor, sog‘ bo‘lib yurganda xabar olmaymiz, eslamaymiz. „Palonchi“ kasal bo‘libdi desa, darrov hamma borib ko‘rishi kerak. „Qayerda ekan?“ deydi. Infeksion shifoxonada bo‘lsa kiritmaydi. „Uyda ekan“ desa, „borib ko‘rib kelish kerak“, deydi. Borib, 2 soat o‘tirib, ko‘ngil olgandek bo‘ladi. Ko‘ngil bilan birga virusni ham olib chiqib, keyin qolganlarga ulashadi. Ming afsus, shu holat bor gap», — deya bosh vazirning so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Milliy gvardiya qo‘mondori Rustam Jo‘rayev, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev (chapdan o‘ngga).

Bundan tashqari, o‘tgan yili biror oila karantinga olingan bo‘lsa, ularning uyi oldida IIV va Milliy gvardiya xodimlari hech kimni kiritmagani, uydan faqat oziq-ovqat uchun chiqarilgani aytildi va zarur bo‘lsa, bu yil ham shu chora qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Ta’kidlashicha, «Bemorlar uyida izolyatsiya qilinadi. Bo‘lmasa shifoxonaga olib boriladi». Koronavirusning yengilroq formasi bilan kasallangan yoki simtomplarsiz kechayotgan bemorlar uyda karantinga olinishi aytildi.

Aprel oyi boshida Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari viloyatlar dori vositalari, zaruriy tibbiy buyumlarining 3 oylik zaxirasini yaratishi kerakligi bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Komissiya yig‘ilishida bosh vazir mazkur topshiriq ijrosi sust ekaniga e’tibor qaratdi.

«Bugungi ma’lumot bo‘yicha faqat Toshkent shahri, Xorazm viloyati, qisman Samarqand va Qashqadaryo viloyati bajardi. Hurmatli prezidentimiz bir hafta muddat berganlar. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev dori-darmonlarning tasdiqlangan ro‘yxati bo‘yicha hududlarda kim amalda zaxirani yaratdi, kim yaratmadi, shuni nazoratini qilib berishi kerak. Kim qilmagan bo‘lsa, menga ro‘yxatini berasizlar hokimini bu yoqqa (poytaxtga — tahr.) chaqiramiz», — dedi u.

2 apreldagi videoselektor yig‘ilishida prezident O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari ortayotgan bo‘lsa-da joylarni yopish rejada yo‘qligini qayd etgandi. «Biz hech narsani yopmaymiz, lekin tartib va tartibni kuchaytiramiz», — degan edi Shavkat Mirziyoyev. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, «ko‘plab vazifalar qog‘ozda qolib ketmoqda».