Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahonda sport sohasida qator voqea-hodisalar sodir bo‘ldi. «Gazeta.uz» ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi.

12 aprel kuni Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jayev o‘z telegram-kanalida Farg‘onaning «Istiqlol» futbol klubi jamoada yuzaga kelgan ichki vaziyat hamda iqtisodiy masalalar tufayli Pro liga musobaqasini davom ettira olmasligi yuzasidan xat bergani haqida post qoldirdi. Klub 2022 yilgi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazish istagi bor ekani haqida ham yozgan. 17 aprel kuni O‘zPFL klubning ishtirokchilar safidan chiqishi masalasini tashkilot Ijroqo‘mga kiritgani hamda «Istiqlol»ning musobaqadan chiqib ketishi rasman tasdiqlangani haqida rasmiy izoh berdi.

Aynan dushanba kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida navbatdan tashqari saylov yig‘ilishi o‘tkazildi. Kun tartibidagi asosiy masala Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga yangi nomzod saylashdan iborat edi. Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Ermatov Ravshan Sayfuddinovich nomzodi ilgari surildi. Kengash a’zolari tomonidan Ravshan Ermatov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi va saylandi.

13 aprel kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi «Navbahor» — «Paxtakor» futbol o‘yini vaqtida kelib chiqqan tartibsizliklar bo‘yicha o‘z qarorini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ikkala jamoaning rasmiylariga intizomiy choralar ko‘riladi. «Navbahor» futbol klubi esa keyingi ikkita uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazadi.

14 aprel kuni «Paxtakor» jamoasi OCHL guruh bosqichida dastlabki uchrashuvni Eronning «Traktor» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 3:3 hisobidagi durang natija qayd etildi.

14 apreldan 15 aprelga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar Ligasining barcha yarim finalchilari ma’lum bo‘ldi. «Real Madrid» jamoasi mazkur bosqichda «Chelsi» bilan kuch sinashsa, «PSJ» Angliyaning «Manchester Siti» klubiga qarshi bahs olib boradi. Dastlabki o‘yinlar 27 va 28 aprel kunlari, javob uchrashuvlari esa 4 va 5 may kunlari o‘tkaziladi.

15 aprel kuni AGMK jamoasi OCHL guruh bosqichida dastlabki uchrashuvni «Al Hilol» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 2:2 hisobidagi durang natija qayd etildi.

15 apreldan 16 aprelga o‘tar kechasi Yevropa ligasining yarim final juftliklari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, turnir finaliga chiqish uchun «Manchester Yunayted» — «Roma» hamda «Vilyarreal» — «Arsenal» jamoalari o‘zaro kuch sinashishadi. Dastlabki o‘yinlar 29 aprel kuni bo‘lib o‘tsa, javob o‘yinlari 6 may kuni o‘tkaziladi.