Toshkentdagi maktablardan birida dars payti bolalarning oyoq kiyimini yechtirib, paypog‘ini kalta yoki uzunligini tekshirishgan. Mazkur holatga esa LGBTga qarshi kurash deb tushuntirish berilgan. Bu haqda «Bloger Shahnoza» telegram-kanali muallifi Shahnoza Soatova yozib qoldirdi.

«Kecha o‘g‘limning sinfiga kirib dars payti bolalarning oyoq kiyimini yechtirib, paypog‘ini ko‘rishibdi: kaltami-uzunmi? Kalta paypoqli oyoqlarni suratga olishibdi (bola huquqlari? U nima???). Buni LGBTga qarshi kurash deb tushuntirishibdi», — deb yozadi u.

Bloger dars o‘rniga LGBT mavzusini eslatadigan ma’ruzalar kirib borgani bo‘yicha savol qo‘ydi. Ushbu antitarg‘ibotni absurd darajaga olib chiqishayotganini bildirdi.

«Mavzuni yopinglar endi, hech bo‘lmasa maktablarda! Men buni ham LGBT targ‘iboti deb baholayman, qora piar ham piar, axir», — deydi bloger.

Xalq ta’limi vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bu holat bo‘yicha Xalq ta’limi tizimidan bunday topshiriq tushmagan.

«Surishtirib ko‘rsam, Xalq ta’limi tizimidan bunday topshiriq tushmagan. Demak, boshqa bir tashkilotning topshirig‘i (balki, kimningdir shaxsiy tashabbusidir — yaxshi gumon). Biz bolalarimizni maktabga jo‘natar ekanmiz, ularning ta’limini ham, tarbiyasini ham o‘zimiz taniydigan, bolalarimiz bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan o‘qituvchisiga va maktabga ishonamiz. Biroq maktabga xo‘jayin ko‘p, hamma o‘zining yo‘l xaritasini, dasturini bajarishi kerak, shunga dars payti eshikni tepib kirib boraverishadi. Dars muqaddas, ta’lim muqaddas degan tushuncha yo‘q. Har safar bolalar maktabdan „darsda formamizni tekshirdi, galstuk taqmaganlarni urishdi“ deb kelganida, barbod bo‘lgan darsga achinaman», — deydi Shahnoza Soatova.

Shuningdek, u bir vaqtlar kamolotchilar darsni buzganida jamoatchilik e’tiroz bildirganini eslatib o‘tdi. «Endi ma’naviyatchilarga o‘tdimi estafeta???», deya savol qo‘ymoqda bloger.

«Masalan, kecha tarbiya soatiga aylanib, LGBTning kalta paypoqqa bog‘liqligi to‘g‘risida ma’ruza o‘qilgan 20 daqiqa (shartli) O‘ZBEK TILI darsi hisobidan ketdi, til jonkuyari sifatida menga ikki karra alamli bu hol. Shu 20 daqiqalik bilimning o‘rnini qachon to‘ldirish to‘g‘risida o‘sha «yo‘l xarita"larida nimadir deyilganmi? Nechta sinfda qanchalab 20−30 daqiqalar ketyapti bunga? Savodi, bilimi bo‘lmagan odamni ma’naviyatli qilish mushkulligini, hamma ezguliklar, yuksak ma’naviyat ham, avvalo bilim va savod ustiga qurilishini bilmaymizmi? Yumshoq targ‘ibot yo‘lidan borib, tarbiyani dars va ta’lim tizimiga aralashmagan holda, darslarda ma’ruza emas, darsdan tashqarida yuksak qadriyatlarni aks ettirgan san’at, adabiyot asarlarini sahnalashtirish, tomosha qilish, bepul to‘garaklar faoliyatini rivojlantirish orqali amalga oshirsa bo‘lmaydimi?», — deb yozadi Soatova.

Shahnoza Soatova bola paypog‘ining uzunligini o‘zi va ota-onasi hal qilishini ta’kidladi.

«Aytgancha, kim qaysi konspirologik nazariyaga ishonsa, o‘zining ishi. Lekin bola paypog‘ining uzunligini o‘zi va ota-onasi hal qiladi!», — deyiladi post so‘nggida.

Xalq ta’limi vazirligi bu holat Mirobod tumanidagi 110-maktabda bo‘lib o‘tganligini aniqladi. Hozirda holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

To‘ldirildi: 18:01 16.04.21