Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan «Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» temir yo‘li qurilishi loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Agar 27 yil davomida Xitoy yoki boshqa Osiyo davlatlariga olib chiqadigan temir yo‘l qurganimizda edi, qo‘shimcha bozorlar paydo bo‘lardi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz tannarxi, eksport yo‘l xarajati 60−70 foizga kamaygan bo‘lardi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, haligacha O‘zbekiston mahsulotlarini Rossiya va Qozog‘iston orqali eksport qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Afg‘oniston orqali temir qurilishi boshlanishi bilan O‘zbekiston o‘zining eksport bozorlarini diversifikatsiya qilishi, qo‘shni davlatlar esa o‘zbek mahsulotlariga tranzit tariflarini pasaytirishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Imron Xon va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan bir qancha muzokaralar o‘tkazib, ularni qo‘shma loyihani amalga oshirishga ko‘ndirganini ta’kidladi.

«Temir yo‘lning tinchligi, xavfsizligini kim ta’minlab beradi? Faqat pokistonliklar. U yerda 200 mln aholi bor, agar ushbu bozorga chiqa olsak, dengiz portlari orqali boshqa katta bozorlarga ham chiqamiz», — dedi u.

Davlat rahbari 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston uchun boshqa bozorlarga chiqadigan eng qisqa va arzon yo‘l hisoblangan «Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» temir yo‘li qurilishi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi (yo‘l xaritasi) qabul qilinganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbariyati ham ushbu loyihada qatnashishga tayyorligini bildirganini aytib o‘tdi. Qo‘shni davlatlar ham qiziqish bildirmoqda, deya ta’kidladi u.

«Mana shu masalalar bilan prezident shug‘ullanadi, tumanlar va shaharlar hokimlari esa kambag‘allikni qisqartirish bilan shug‘ullanishlari kerak. Agar biz bunga pul bermaganimizda, sharoit yaratmaganimizda, «mahallabay» kesim qilmaganimizda edi, yo‘lga, svetga, gazga, «Har bir xonadon — tadbirkor»ga milliardlab dollarlarni ajratmaganimizda edi, men hozir bu gaplarni aytmasdim, qarsak chalinglar, o‘zgaribdiku, deb chiqib ketgan bo‘lardim», — dedi u.

14 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazib, ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlarni qayta tiklash, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash, viza rejimini soddalashtirish, transport-tranzit va boshqa masalalarni muhokama qilgan edi.

Qurilish vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatlar uzunligi 600 km ga yaqin «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘l loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish ham muhokama qilinganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, may oyida Afg‘onistonda joylashgan qurilish maydonchalarida ekspeditsiya tadqiqotini tashkil etish rejalashtirilgan.

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi yangi bo‘lg‘usi koridor

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov «Gazeta.uz» uchun yozgan maqolasida «Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» temir yo‘li qurilishining O‘zbekiston uchun qanday ahamiyat kasb etishini bayon etgan edi. Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari uchun transafg‘on koridori Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga chiqishning mutlaqo yangi va eng qisqa yo‘lini ochadi.

Janubiy Osiyo bilan o‘zaro iqtisodiy aloqalarning ulkan imkoniyat ekanligi mazkur hududning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va o‘sish sur’atlari bilan asoslanadi. Jami aholisi 1,9 mlrd kishi (dunyo aholisining to‘rtdan biri) va 3,5 tlrn dollarlik YAIMga ega bo‘lgan Janubiy Osiyo — dunyoning eng tez o‘sayotgan (yiliga 7,5 foiz) mintaqasi hisoblanadi.

Transafg‘on koridori qurilishi Markaziy Osiyo transport oqimlarini ham diversifikatsiya qiladi. Chunki mintaqa davlatlarida janubiy dengizlarga chiqish bo‘yicha ikkita yo‘l mavjud bo‘ladi. Bir tomondan hozirda foydalanilayotgan Chabaxar va Bandar-Abbas portlariga chiqadigan koridor bo‘lsa, ikkinchisi «Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» temir yo‘li bilan Karachi va Gvadar portlariga chiqiladi.

Loyiha amalga oshganidan so‘ng Pokistondan O‘zbekistonga tovarlarni tashish muddati 35 kundan 3−5 kunga qisqarishi kutilmoqda.