Juma kuni O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati 22−27 daraja iliq atrofida bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Keyingi 3 kun ichida respublika bo‘yicha aprel oyi o‘rtasi uchun me’yoriy qiymatlarga yaqin bo‘lgan havo harorati bilan iliq va asosan quruq ob-havo saqlanib turadi. Respublika hududining ko‘p qismida bu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Faqat yakshanba kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, dushanba kuni esa respublika shimolida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 16−19 aprelda kechalari 9−14 daraja iliq, kunduz kunlari 22−27 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Dam olish kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida 2000 m dan yuqorida qor ko‘chishi xavfi bor, deya ogohlantirdi sinoptiklar.