Olmaliqda ko‘chada sotuvchilik qilayotgan ayollarning buyumlarini tortib olib, mashinaga yuklashga uringan coliq organi xodimlari ishdan olindi. Bu haqda Davlat soliq inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Videoda tarqalgan holatlar Davlat soliq xizmati organlari olib borayotgan siyosatga to‘g‘ri kelmaydi. Soliq organlari hech qachon fuqarolarga nisbatan kuch ishlatar tizimdan yoki kuch ishlatish vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi. Soliq organlari aksincha soliq to‘lovchilarga ko‘makchi bo‘lib, ularning qonuniy faoliyat yuritishlariga amaliy yordam ko‘rsatishga harakat qiladi», — dedi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Nazarov Zamon dasturiga bergan intervyusida.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video bo‘yicha tezkor tekshiruv o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, Olmaliq shahar davlat soliq inspeksiyasining 11 nafar xodimi, jumladan, voqeada bevosita ishtirok etgan uch nafar soliq inspektori ishdan bo‘shatildi va ularning barcha maxsus unvonlari bekor qilindi. Shu bilan birga, Toshkent viloyati DSB boshlig‘i o‘rinbosari hamda Olmaliq shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga hayfsan berildi.

Xabarga ko‘ra, «Soliqchi-ko‘makchi» tamoyili asosida shu paytga qadar noqonuniy faoliyat yuritgan fuqarolarga tegishli huquqiy yordam ko‘rsatilib, faoliyati qonuniylashtirildi. Ularga Olmaliq shahridagi savdo markazidan tegishli joy ajratib berildi. Shuningdek, kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatilib, ulardan biriga tikuv mashinasi hadya etildi.

«Bozorda bizga joy qilib berishdi. Har doimgi, qonuniy. Endi u yerda, bu yerda qochib savdo qilmaymiz», — dedi savdogar ayollardan biri.

Mazkur holat yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ham munosabat bildirgan edi. U bu holat Soliq xizmati uchun uyatli ekanligini aytib, soliq organlari kuch ishlatar idora emasligini ta’kidlagan. «Mana shunday xodimlar hali ham oramizda borligi uchun uzr so‘rayman», — degan edi Sherzod Kudbiyev.