13 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Davlat rahbari 1 iyundan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish xarajatlari byudjetdan to‘lab berilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Vatanparvar» tashkiloti tomonidan respublika miqyosida yoshlarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirildi. Bu haqda «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda.

  • 1-bosqichda shu yilning aprel oyidan boshlab fuqarolarni «Vatanparvar» tashkilotining «Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida» «B»,"BC", «C», «D», «E» toifalari bo‘yicha o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilishi;
  • 2-bosqichda avgust oyidan «Texnik xizmat ko‘rsatish kurslari» tashkil etilib, yoshlar 5 xil kasbga — vulkanizator, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, chilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitilishi mo‘ljallanmoqda;
  • 3-bosqichda dekabr oyidan boshlab «Murakkab texnikalarni boshqarish kurslari» yo‘lga qo‘yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro-podyomnik, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo‘yicha o‘qitilishi kutilmoqda.

Foto: «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi matbuot xizmati

«Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolar yuqoridagi kasblarga bepul o‘qitilishi rejalashtirilgan.

10 mart kuni respublika miqyosida «Yoshlar daftari»ga ro‘yxatga kiritilgan 56 nafar yoshlarga (har bir viloyatdan 4 tadan) «Vatanparvar» tashkiloti avtomaktablarida bepul o‘qish uchun sertifikat topshirildi. Hozirda ushbu yoshlarning o‘qish xarajatlari tashkilotning moddiy bazasi hisobidan to‘liq qoplanib, so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan avtomototransport kurslarida tahsil olishmoqda.

Shu bilan birga, ehtiyojmand yoshlarni o‘z ichiga olgan navbatdagi o‘quvchilar guruhlari ham shakllantirilmoqda.

Tashkilot 2021 yilning oxirigacha 14755 nafar haydovchilar tayyorlashni rejalashtirgan. «Vatanparvar» tashkiloti nodavlat notijorat tashkilot sifatida bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan ijtimoiy sheriklik asosida mustahkam hamkorlikni amalga oshirmoqda.

Foto: «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi matbuot xizmati