Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aksionerlari orasida qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgan «12-trest» kompaniyasi qo‘lga kiritgan davlat xaridlarini o‘rganmoqda. Bu haqda 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani agentlikning Korrupsiyadan ogohlantirish va komplayens-nazorat tizimini joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Zuhriddin Qodirov ma’lum qildi.

««Agentlik tomonidan qurilish sohasida, tenderlar va davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa holatlarni aniqlash bo‘yicha doimiy ravishda masofaviy monitoring tadbirlari amalga oshirilyapti», — dedi u (nutq videoyozuvi Kun.uz tomonidan e’lon qilindi).

Zuhriddin Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish vaziri bilan bog‘liq holat yagona holat emas. Faqat respublika miqyosida emas, viloyatlar miqyosida ham ko‘p holatlar bor.

«Bu bo‘yicha biz o‘rganishlarni davom ettiryapmiz. Har bir holatlar bo‘yicha tegishli takliflarimizni manfaatdor idoralarga berganmiz. Bu masala (Botir Zokirovga taalluqli davlat xaridi — tahr.) bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilmoqda. Natijasini, albatta, jamoatchilikka yetkazamiz», — dedi Zuhriddin Qodirov.

«Gazeta.uz» avvalroq Toshkentdagi Mustaqillik maydoni yonidagi ma’muriy bino rekonstruksiyasi va favvora ostiga avtoturargoh qurish ishlariga 431,5 mlrd so‘m ajratilishi, pudratchi sifatida esa «12-trest» tendersiz tanlangani haqida yozgan edi.

Xuddi shu kompaniya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosini joriy ta’mirlash hamda fasad qismini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 16,5 mlrd so‘mlik davlat xaridini tendersiz qo‘lga kiritgan edi.

«12-trest», shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini qurish bo‘yicha 988,2 mlrd so‘mlik loyihaga ham tender savdolarisiz ega chiqqan edi.

«Gazeta.uz» fevralda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning o‘g‘li va akasi bilan bog‘liq kompaniya viloyatdagi bir qancha yirik loyihalarni amalga oshirayotgani haqida ham xabar qilgan edi. Hokimning qizi ta’sischilardan biri hisoblangan My Flower kompaniyasi esa 4 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini qo‘lga kiritgan edi.

Zuhriddin Qodirov mazkur ish bo‘yicha materiallar huquqiy baho berilishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilganini ma’lum qildi.