14 aprel kuni Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi Jaxongir Ibraximov tumandagi masjid imomlari ishtirokida oilalarda ajrimning oldini olish masalasi yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Yunusobod tuman hokimligi

Majlis davomida, ajrimlar sonini kamaytirish borasida quyidagi takliflar kiritildi.

  • Oila qurish oldidan yigit-qizlarni imomlar tomonidan olib boriladigan 3 oylik o‘quv darslarida o‘qitish;
  • Oila tushunchasini maktabdan boshlab alohida dars sifatida kiritish;
  • Ahloqiy jihatdan «o‘zbek mentalitetiga» to‘g‘ri kelmaydigan teleserial hamda kinofilmlarni efirga uzatmaslik kabi takliflar aytildi.

Yanvar oyida Yunusobod tumanidagi mahalla raisining birinchi o‘rinbosari Nozima Muslimova prezident bilan uchrashuvda nikohdan keyin 2−3 yil muddatga ajrashishlarni taqiqlashni va televideniyega senzura qo‘yishni taklif qilgan edi. U misol tariqasida «o‘zbek mentalitetiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan Yor-Yor dasturi» telekanallarda efirga uzatilayotganini keltirgandi. Prezident esa ajrashishlarni qonun bilan cheklab qo‘yish «qiyin» bo‘lishini aytib o‘tgan edi.

Fevral oyida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov «davlat manfaatlari ajralishni minimallashtirishdan iborat, ammo bu hech qachon fuqarolarning shaxsiy hayotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini buzmasligi kerak», deya ta’kidlagan edi. U ajrashish jarayonida byurokratiyaning mavjudligini tan olgan edi, ammo ko‘p hollarda ajrashish to‘g‘risidagi ariza «turmush o‘rtoqlarning reaksion harakati» ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda mamlakatda ajralishlar soni 28,2 mingtani tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan (31,4 ming) 10,2 foizga kam. Ajralishlarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent, Sirdaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida kuzatilgan. Ajralishlarning umumiy sonidan 50,1% farzandi yo‘q er-xotinlar, 29,3% bitta bolali va 20,6% ikki va undan ortiq bolalilarni tashkil etadi.