AQSH 1 maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishni boshlaydi va bu jarayonni 11 sentyabr — Xalqaro savdo markazi va Pentagon binolariga uyushtirilgan teraktlarning 20 yilligiga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Bu haqda AQSH prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni Oq uydagi nutqida aytib o‘tdi.

«Biz 2001 yilda Afg‘onistonga Al-Qoidani yo‘q qilish va Afg‘onistonda AQSHga qarshi rejalashtirilgan terroristik hujumlarning oldini olish maqsadida borgandik. Bizning maqsadimiz aniq edi. Sababi esa adolatli edi. NATOdagi ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz biz bilan birlashishdi. Biz ushbu maqsadga erishdik», — dedi AQSH rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan 10 yil oldin AQSHning 44-prezidenti Barak Obama undan Afg‘onistonga tashrif buyurishni va mamlakatdagi vaziyat haqida gapirib berishni so‘ragan.

«Ushbu sayohat paytida ko‘rganlarim shuni anglatdiki, faqatgina Afg‘oniston xalqi o‘z mamlakatini boshqarish huquqiga va mas’uliyatiga ega, AQSH qurolli kuchlari sonining ko‘payishi va barqarorlashuvi Afg‘oniston hukumatini kuchaytira olmaydi, saqlab ham turolmaydi», — dedi Bayden.

Uning ta’kidlashicha, AQSH 2011 yilda Al-Qoida asoschisi Usama bin Ladenga nisbatan «adolatli hukm chiqargan» va shundan beri AQSHning Afg‘onistonda qolishining sabablari «tobora tushunarsiz» bo‘lib bordi. «Biz Afg‘onistondagi qo‘shinlarni olib chiqish uchun ideal sharoitlar yaratish va boshqa natijalarga umid qilib harbiy kuchlarimizni ko‘paytirish va mustahkamlash siklini davom ettira olmaymiz», — dedi Oq uy rahbari.

«Men Amerika kurashgan eng uzoq urushni tugatish vaqti keldi degan xulosaga keldim. Amerika qo‘shinlarining uyga qaytish vaqti keldi», — deya ta’kidladi AQSH prezidenti.

Jo Baydenning aytishicha, AQSH qo‘shinlarini olib chiqish mamlakatning NATOdagi ittifoqchilari bilan to‘liq muvofiqlashtirilgan holda amalga oshiriladi. U ushbu jarayon davomida «toliblar» qo‘shinlarga hujum qilsa, «biz o‘zimizni va sheriklarimizni barcha mavjud vositalardan foydalangan holda himoya qilamiz» deya ta’kidladi.

«Biroq, biz terrorizm tahdidini unutmaymiz. Biz terrorchilarning qayta paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun terrorizmga qarshi kurashish imkoniyatlarimizni va mintaqadagi muhim resurslarimizni qayta tashkil etmoqdamiz, bu bizning vatanimizga ufqdan xavf tug‘diradi», — deya qo‘shimcha qildi AQSH prezidenti.

U AQSHning Afg‘onistonga diplomatik va gumanitar yordamini davom ettirishga va Afg‘oniston hukumati hamda Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Shuningdek, AQSH mintaqadagi boshqa mamlakatlar — Pokiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Turkiyadan Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq ish qilishni so‘rashini bildirdi.

«Afg‘onistondagi urush bir necha avlodlar uchun mo‘ljallanmagan edi. Bizga hujum qilishdi. Biz urushga aniq maqsadlar bilan kirdik. Biz bunga erishdik. Bin Ladin o‘ldirildi, Iroq va Afg‘onistondagi «al-Qoida» mag‘lub bo‘ldi. «Abadiy urush»ga yakun yasash vaqti keldi», — deb o‘z nutqini yakunladi Jo Bayden.