15 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida xalqaro aeroport rekonstruksiyasi loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Hududi 25,2 gektarni tashkil qilgan mazkur aeroport «Uzbekistan Airports» AJ «Samarqand xalqaro aeroporti» MCHJ buyurtmasiga asosan barpo etilmoqda, deya xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Ma’lumotga ko‘ra, «Air Marakanda» loyiha kompaniyasi, Germaniyaning «Myunxen» xalqaro aeroporti, Turkiyaning «Istanbul» xalqaro aeroporti mutaxassislari bilan hamkorlikda Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport va sayyohlik markaziga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Aeroport yo‘lovchilar terminalining umumiy maydoni 42 ming metr kvadrat bo‘lib, 3 qavatdan iborat bo‘ladi. Aeroport soatiga 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Yangi terminal yiliga 1,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Terminalda 29 ta ro‘yxatdan o‘tish oynalari (20 ta xalqaro, 9 ta mahalliy), shuningdek yana 5 ta mustaqil ro‘yxatdan o‘tish kiosklari mavjud bo‘ladi.

«Hozirda biz ORAT dasturi ustida ish olib bormoqdamiz. Bu o‘z navbatida eski aeroportning operatsion tizimidan yangi tizimga o‘tish imkonini beradi. Barcha xodimlar yangi talab, texnologiya va biznes jarayonlar asosida qayta o‘qitiladi», — dedi «Air Marakanda» MCHJ tijorat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Artyom Pak Zamon dasturiga bergan intervyusida.

Aeroport binosi arxitekturasining g‘oyasi Mirzo Ulug‘bek ishlaridan ilhomlanib olingan. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Ma’lumotlarga ko‘ra, aeroport loyihachisi «Aero-yo‘l loyiha» MCHJ, pudratchisi esa «Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish» DUK hisoblanadi.



Loyiha qiymati 238,2 mlrd so‘m bo‘lib, hozirda ajratilgan mablag‘ 200 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston hukumati tomonidan Samarqand xalqaro aeroporti va aerodrom kompleksining (aeronavigatsiyadan tashqari) modernizatsiyasi hamda boshqaruvi huquqi DXSH asosida 20 yilga «Air Marakanda» kompaniyasiga topshiriladi. Kompaniya infratuzilma rivojlanishiga 80 mln dollar investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan.

Aviayoqilg‘i narxini pasaytirish, bozor sharoitida uning narxini shakllantirish, iste’molchilar uchun xizmatlar narxini 20−30% ga tushirish va parvozlarni tez-tez amalga oshiradigan aviakompaniyalar uchun aeroport stavkalari va to‘lovlarini kamaytirish orqali aeportdagi narxlar siyosati optimizatsiya qilinadi.

Hozirda Asiana Airlines Inc., Lufthansa, Air Astana, China Southern Airlines, Yakutiya, Somon Air, Kam Air, Azerbaydjan Xava Yollari, Almasria Universal Airlines kabi xalqaro kompaniyalar ushbu aeroportga parvozlar amalga oshirish uchun jalb qilinmoqda. FlyDubai, Belavia, Mejdunarodnыye avialinii Ukrainы va Air Cairo kompaniyalari bilan memorandumlar imzolangan.

Xabarga ko‘ra, o‘tish yo‘lagidan uchish-qo‘nish yo‘lagiga bog‘lovchi qismida qurilish ishlari 2021 yil 1 sentyabrda yakunlanadi. Ichki aerodrom nazorat yo‘lagida qurilish ishlari 45 foizga bajarilgani qayd etilib, 2021 yil 1 avgustda yakunlanishi kutilmoqda.

Samarqand xalqaro aeroporti va yangi qurilayotgan aerovokzal kompleksi 2021 yil 1 sentyabrda foydalanishga topshiriladi.