Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Qorasuv mavzesida uy-joy qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qorasuv mavzesida qurilgan ko‘p qavatli uylar soni 116 ta. Shuningdek, bu yerda 1 ming 600 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli bolalar bog‘chasi, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, savdo do‘konlari, o‘yin va sport maydonchalari barpo etilgan. 2021 yilda yana 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uylar qurilmoqda.


Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda viloyatga tashrifi chog‘ida bu yerdagi dastlabki uylarni ko‘zdan kechirib, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi. «Agromir Buildings» MCHJ tomonidan mavzeda 16, 15, 14 va 12 qavatli jami 47 ta turar joy qurildi. Ularda 3 ming 588 ta xonadon bor.


Turar joylarning fasadi 3 qavatli qoplamadan iborat bo‘lib, xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi. Binolarga videokuzatuv tizimi, yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari o‘rnatilgan. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Uylar egalariga tayyor holda topshirilmoqda.


Davlat rahbari uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarining sifatiga alohida e’tibor qaratdi. Quruvchi tashkilotning sifat uchun mas’uliyati va javobgarligini yanada kuchaytiradigan mexanizm ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

«Rivojlangan davlatlardagidek uylar qurishni o‘zlashtirdik, endi xizmat ko‘rsatishni ham shunga yarasha yaxshilash kerak», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Chet el tajribasi asosida servis turlarini kengaytirish, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi korxona hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus punkt tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shu yerda Samarqand shahri Bosh rejasi va shahar hududini kengaytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.