The Henley Pasport Index reytingida O‘zbekiston o‘tgan yilgiga nisbatan bir pog‘onaga ko‘tarilib, 85-o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda Spot.uz.

Reytingga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolari 57 ta davlat hududiga vizasiz yoki yetib borgach viza olish orqali sayohat qilishlari mumkin. O‘zbekiston bilan bir pog‘onada (85-o‘rin), shuningdek Kot-d'Ivuar mamlakati turibdi.

Birinchi o‘rinda Yaponiya bo‘lib, mamlakat o‘z fuqarolariga 193 ta davlatga vizasiz sayohat qilish imkonini bermoqda.

Kuchli uchlikni, shuningdek Singapur (192 davlat), Germaniya (191 davlat) davlatlari to‘ldirib turibdi.

MDH davlatlari orasida ham yaxshilanish kuzatildi: Rossiya 48-o‘rinda (118 davlat), Belarus 68-o‘rinda (77 davlat), Qozog‘iston 69-o‘rinda (75 davlat), Tojikiston 84-o‘rinda (58) va Turkmaniston 89-o‘rinda (53 davlat).

Eng so‘nggi o‘rinlarni esa Suriya (29 davlat), Iroq (28 davlat) va Afg‘oniston (26 davlat) egallagan.