Toshkent metropoliteni metro stansiyasining vaqt ko‘rsatuvchi tablosiga qilingan xakerlik hujumiga izoh berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishidagi „3-Bekat“ stansiyasida vaqtini ko‘rsatuvchi soat darchasida harakatlanuvchi satrda nojo‘ya gap aks ettirilgan video tarqalmoqda», — deyiladi xabarda. Video Tik-Tok ijtimoiy tarmog‘ida joylangan.

«Ushbu hodisa bo‘yicha ichki xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Unga ko‘ra 12 aprel kuni soat 16:40 da ushbu vaqtni ko‘rsatuvchi soat mexanizmiga xakerlar tomonidan kiberhujum (buzib kirish) sodir bo‘lganligi aniqlandi. Ushbu darcha elektron tizimli bo‘lib Wi-Fi orqali boshqariladi. Hujumchilar soatga o‘rnatilgan parolni buzib, unga nojo‘ya gapni harakatlanuvchi satrga joylashtirgan», — deya izoh berdi Toshkent metropoliteni.

Ushbu yozuv 4 daqiqa ichida olib tashlangan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan aybdorlar qidirilmoqda va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

«Toshkent metropoliteni» UK rahbariyati telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy (sanksiyasiz) ulanishdanga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tdi.