Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy majmuasining rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

2021 yil muborak Ramazon kunlarida ushbu ziyoratgohning qurilish ishlari boshlandi. Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan bu yerda nuroniylar va ziyolilar bilan uchrashdi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Shavkat Mirziyoyev mo‘min-musulmonlarni, butun O‘zbekiston xalqini muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.

«Ramazon oyi — ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli bo‘ladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad — islomga e’tiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib bo‘lish biz uchun juda katta burch», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2020 yilda pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishga to‘g‘ri kelgani yodga olindi. Bu yil esa masjidlar ochiq, mo‘min-musulmonlar karantin qoidalariga qat’iy amal qilib, ibodatlarini ado etayotgani qayd etildi.

«To‘rt yillik izlanish, yangilanish va sinovlardan o‘tib, katta tajriba orttirdik. Xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Ramazon oyining olijanob g‘oyalari, muqaddas amallari ham ana shunday ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda mustahkam zamin bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev majmuada amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Foto: prezident matbuot xizmati.


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».



Loyihaga ko‘ra, Imom Buxoriy majmuasida katta masjid, to‘rtta simmetrik minora, baland ayvonlar, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon bo‘ladi. Ko‘p sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, prezident tashabbusi bilan 2019 yilda bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi ham tashkil etilgan edi. Qurilishi rejalashtirilayotgan yangi majmua ular bilan mutanosiblikda ulkan maskan hosil qilib, ziyoratchilar uchun hamma sharoitlar bo‘ladi, deyiladi xabarda.