Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini Samarqand xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari bilan tanishishdan boshladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Loyiha doirasida yangi terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi, turargoh va boshqa ob’ektlar barpo etilishi belgilangan. Bugungi kunda uzunligi 3105 va eni 60 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi tugallanib, yoritish-signal chiroqlari va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilmoqda.

Aeroportning yangi terminali zamonaviy dizaynga, bir soatda 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyiha natijasida 1000 kishi ish bilan ta’minlanadi.

«Odamlarga qulaylik yaratish asosiy maqsad bo‘lishi kerak. Buning uchun «aqlli texnologiyalar»ni qo‘llash, xizmatlarni arzon, sifatli, tezkor qilish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Turli kattalikdagi samolyotlar uchun 24 ta turargoh barpo etilmoqda. Shundan uchtasi «havo kemalari»ga muzlashga qarshi ishlov berish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.

Aeroportda kargo xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi. Davlat rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, yuk tashish raqobatbordoshligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«Kargo barqaror va manfaatli bo‘lishi uchun doimiy yuk kerak. Buning uchun samolyotlarga xizmat ko‘rsatish, yuklarni ortish va yetkazib berishni arzon va tez yo‘lga qo‘yib, boshqa aviakompaniyalarni jalb etish zarur. Bundan tashqari, viloyatda eksportbop meva-sabzavotlarni ko‘paytirib, ularni shu kargo orqali jahon bozoriga chiqarish mumkin», — dedi u.

Yangi aeroportni 2021 yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, u «ochiq osmon» rejimida to‘liq ishlay boshlaydi.

Ma’lumot uchun, Samarqand xalqaro aeroporti 1967 yilda qurilgan.