Hukumat qarori bilan «Collegium Humanum» Varshava menejment universiteti Andijon filiali tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Filial nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida, ingliz, rus va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Universitet filialida dastlabki bosqichda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilinadi:

  • «Moliya va buxgalteriya hisobi»;
  • «Transport va logistikada menejment»;
  • «Xalqaro biznes va marketing»;
  • «Turizm, mehmonxona ishi va umumiy ovqatlanishda menejment va marketing»;
  • «Kichik va o‘rta biznesni boshqarish»;
  • «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari».

Ma’lum qilinishiga ko‘ra, filialning har yilgi qabul parametrlarining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni (filial granti asosida) o‘qishga qabul qilish uchun ajratiladi. Shuningdek, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalarga to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 50 foizgacha chegirma beriladi.

Varshava univesiteti filialida ta’lim berish uchun 70 foizgacha malakali xorijiy professor-o‘qituvchilar Polsha va Yevropaning boshqa davlatlaridan jalb qilinadi.

Filialda ta’lim 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanib, to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdori Muassis tomonidan belgilanadi. OTM bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.