14 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xonning videoanjuman shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Imron Xon. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Onlayn-uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi sheriklik va amaliy hamkorlikni kengaytirishning asosiy vazifalari batafsil ko‘rib chiqildi va birinchi galdagi choralar belgilab olindi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi kelishildi.

Konstruktiv siyosiy muloqotni, parlamentlararo hamda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Transport va tranzit sohasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kuchaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish, jumladan, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish, qo‘shma ishbilarmonlik forumlarini o‘tkazish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalasi o‘rganiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida iyul oyida Pokiston ishtirokida biznes haftalik, shuningdek savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, ishbilarmonlik kengashi uchrashuvi, sanoat mahsulotlari qo‘shma ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Bosh vazir o‘rinbosari — turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Pokistonning Pakistan International Airlines va Serene Air aviakompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazilgani to‘g‘risida xabar berdi. Xususan, Serene Air O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni amalga oshirishga qiziqish bildirgan.

«Bu ham Buxoro, ham Samarqandga. Yaqin orada mamlakatlar o‘rtasida viza rejimining soddalashtirilishi ham muhimdir, bu Pokistondan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga imkon beradi», — dedi u.

Qurilish vaziri Ilhom Maxkamovning qo‘shimcha qilishicha, mamlakatlar uzunligi 600 km ga yaqin Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘l loyihasini amalga oshirishni jadallashtirishni ham muhokama qilishdi. Unga ko‘ra, may oyida Afg‘onistonda joylashgan qurilish maydonchalarida ekspeditsiya tadqiqotini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qurilish vazirligi rahbari, shuningdek, O‘zbekiston Pokiston portlaridan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Mart oyida ishchi guruh ularning imkoniyatlarini o‘rganib chiqqan.