1 aprel kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida fuqarolardan biri o‘z uyida qimorxona ochgani ma’lum bo‘ldi. Bu viloyat IIB va DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

43 yoshli J.X tavakkalchilikka asoslangan LOTO o‘yinini qonunga xilof ravishda tashkil qilib kelayotganligi aytilmoqda.

Hodisa joyidan LOTO o‘yinida ishtirokchilar tomonidan tikilgan va ularning o‘ynashlari uchun sharoit yaratib berganligi evaziga berilgan jami 298 000 so‘m pullar, o‘yinda ishlatilgan va zaxiradagi jami 235 dona toshlar, 790 dona ushbu o‘yinda foydalanishga mo‘ljallangan 50 so‘mlik tangalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan J.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda tergov davom etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismiga muvofiq, ushbu turdagi jinoyat uchun 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.