Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 aprel kuni «Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deya xabar berdi O‘zA.

Farmonga ko‘ra, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining «Moliya va investitsiya savodxonligi» dasturini amalga oshirish tamoyillari belgilab qo‘yilgan.

Dasturga ko‘ra, ilg‘or xorijiy o‘quv muassasalari va tadqiqot institutlari, moliya tashkilotlaridan yetakchi mutaxassislarni moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga oid ta’lim tadbirlariga keng jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda noiqtisodiy yo‘nalishdagi OTM talabalari uchun «Moliyaviy savodxonlik» o‘quv kursini fan sifatida joriy etish belgilangan. Ushbu fan doirasida mablag‘larni to‘g‘ri boshqarish, moliyaviy qarorlar qabul qilish, jumladan, moliyaviy instrumentlar bo‘yicha o‘qitish metodologiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bundan tashqari «Moliyaviy savodxonlik olimpiadalari»ni tashkil etish orqali o‘quv kursining samaradorligini baholash ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, hujjatda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy, shu jumladan, investitsiya bo‘yicha savodxonligini oshirish borasidagi barcha tadbirlarni 2021−2023 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi doirasida amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.