O‘zbekiston Adliya vazirligi 12 aprel kuni bosh tashkiloti AQSHda joylashgan Xalqaro tadqiqotlar va almashuvlar kengashining (IREX) O‘zbekistondagi filialini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

«Filialning asosiy maqsad va vazifalari O‘zbekistonda farovon va teng huquqli jamiyat qurilishiga hissa qo‘shish, O‘zbekiston yoshlarining imkoniyatlarini kengaytirish va bo‘lajak rahbarlarni tarbiyalashga, sifatli ta’lim va axborot olish imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashish», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Shuningdek, IREX O‘zbekistonga ingliz tili sohiblarini jalb qilgan holda o‘qituvchilar malakasini oshirishga hamda talabalarni ingliz tilini intensiv ravishda o‘rganishini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Filial o‘z maqsad va vazifalarini O‘zbekiston Xalq ta’limi, Innovatsion rivojlanish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi, deya qayd etildi.

Tashkilot avval O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatgan. 2006 yilda sud qarori bilan uning filiali «ustav hujjatlari va milliy qonunchilik buzilgani» uchun yopilgan edi. O‘shanda IREX bilan bir qatorda Amerika yuristlar assotsiatsiyasi, Internews Network, Freedom House, ACCELS, Counterpart International, «Markaziy Osiyo erkin almashinuvlar forumi» (CAFE), «Ta’lim vositasida global jalb qilish» («Global Involvement through Education»), «Urban instituti», «Yevroosiyo jamg‘armasi», «Akademik ta’lim va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlik» (PAD), Crosslink Development International va Winrock International vakolatxonalari ham yopilgan.

Avvalroq Adliya vazirligi O‘zbekistonda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari (ACCELS) vakolatxonasi hamda Vinrok xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (Winrock International) filialini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.