Jurnalist va bloger Muhrim A’zamxo‘jayev “Championat.asia” nashrining “Samisov bilan” loyihasiga bergan intervyusida futbolga ajratilayotgan mablag‘lar, ularning sarflanishi haqida so‘z yuritdi. Uning aytishicha, bir futbol jamoasiga 20 mlrd so‘m sarflagandan ko‘ra, 4 ta maktab qursa yoki bu mablag‘ni boshqa joyga sarflasa ancha yaxshi bo‘ladi.

“Deylik bir jamoaga 20 mlrd so‘m sarflanmoqda. 20 mlrdga 4 ta zo‘r maktab qursa bo‘ladi. Qayerlardadir bolalar chaylaga o‘xshash maktablarda, vagonlarda o‘qishmoqda. Menimcha bu yaxshilanadi. 20 mlrdni biror jamoaga bermasdan, 5 ta maktab qurgan ancha yaxshi. Masalan, qishloq vrachlik punktlarini qurish mumkin. Surxondaryoda bir o‘qituvchi 14 km oralig‘idagi ikkita maktabda ishlar ekan. Shu 14 kmga u piyoda qatnamoqda ekan. Shu 20 mlrdga bir nechta o‘qituvchiga velosiped olib berish mumkin, mashina bo‘lmasa ham. Yoki o‘qituvchilarning maoshiga ustama pul qo‘shib bersa bo‘ladi”, — deydi u.

Uning aytishicha bu orqali yuzlab insonning hayoti yaxshilanadi.

“40 nafar odamning hayotidan ko‘ra, boshqa joyda yuzlab insonning hayoti yaxshilanadi”, — deydi Muhrim A’zamxo‘jayev.