Prezident Shavkat Mirziyoyev Shvetsiyada O‘zbekistonning to‘laqonli diplomatik vakolatxonasini tashkil etish to‘g‘risida qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda «Nigoh».

Elchixonaning faoliyati Shvetsiya va boshqa Skandinaviya davlatlari bilan o‘zaro munosabatlarni va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratiladi.

Sheriklik aloqalarini mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan innovatsiya, sarmoya va texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, ta’lim sohasida ilg‘or Skandinaviya tajribasini joriy etish bo‘yicha tavsiyalarni chuqur o‘rganish va ishlab chiqish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Stokgolmga O‘zbekiston elchisi sifatida kim yuborilishi haqida hali ma’lumot berilmagan.

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonning Afinadagi (Gretsiya) diplomatik vakolatxonasi faoliyati tugatiladi.

Bugun prezident davlat rahbari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.