14 aprel kuni Markaziy saylov komisssiyasi majlisida O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu haqda MSK matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar berdi.

«Dasturdan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tajak prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida qadamba-qadam amalga oshiriladigan ishlar o‘zining batafsil ifodasini topgan. Bajariladigan vaziflarning ijro muddati va mas’ul ijrochilari aniq ko‘rsatilgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlash joizki, 2019 yil iyun oyida kuchga kirgan Saylov kodeksi prezident, deputatlar, senatorlar saylovi, Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risidagi va fuqarolarning saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunlarni bitta hujjatga birlashtirdi. Ilgari saylovlar tegishli qonun asosida o‘tkazilardi.

Asosiy tadbirlar dasturida saylovchilarning huquqiy madaniyatini va faolligini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Dasturga muvofiq, barcha okrug va uchastka saylov komissiyalarining a’zolari uchun seminarlar, treninglar, o‘quv mashg‘ulotlari, konferensiyalar, davra suhbatlari boshqa tadbirlar, jumladan onlayn muloqotlar, o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibini belgilab beruvchi hamda prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi, prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibiga doir nizomlar ham qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni saylov qonunchiligini takomillashtirish va unga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 29 yanvarda qabul qilingan va Senat tomonidan 5 fevralda ma’qullangan.

Unga ko‘ra, Prezidentlikka saylov, Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida ўтказилишибелгиланди.

Bu yil Markaziy saylov komissiyasi davlat byudjetidan «joriy xarajatlar uchun» 2020 yilga nisbatan 74 baravar ko‘p — 4,1 mlrdga nisbatan 304,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratdi.

2020 yil oxirida parlamentga yo‘llagan murojaatida prezident Shavkat Mirziyoyev «bo‘lajak saylovlarni milliy qonunchilik va umum’etirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim» ekanligini ta’kidlagan edi. «Biz o‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalarini milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz», — degan edi davlat rahbari.