AQSH 11 sentyabrga qadar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi

AQSH prezidenti Jo Bayden mamlakatdagi qator terroristik hujumlarning 20 yilligiga — 11 sentyabrga qadar AQSH qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishini ma’lum qildi. “Biz qolgan qo‘shinlarni tartibli ravishda 1 mayga qadar chiqarishni boshlaymiz va AQSHning barcha qo‘shinlarini 11 sentyabrning 20 yilligiga [11.09.2001] qadar mamlakatdan olib chiqishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi u va “chiqib ketish so‘zsiz” bo‘lishini qo‘shimcha qildi. Uning ta’kidlashicha, NATO ham o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqadi. “Biz NATOdagi ittifoqchilarimiz va operatsiyalar bo‘yicha sheriklarimiz bilan qo‘shinlarni qisqartirish masalasini muhokama qildik. Ushbu operatsiya davomida ular bilan qat’iyan birga bo‘lamiz. Birgalikda boshladik, birgalikda muvofiqlashdik va endi [Afg‘onistonni] tark etishga tayyorlanamiz”, — dedi prezident. — Oq uy veb-sahifasi.

Buyuk Britaniya AQSH ma’muriyatining ushbu qaroridan so‘ng Afg‘onistondan deyarli barcha qo‘shinlarini olib chiqishini e’lon qildi. The Times’ning yozishicha, hozirda Afg‘onistonda 750 ga yaqin ingliz qo‘shini bor, ularning asosiy vazifasi Kobulda patrullik qilish va mahalliy harbiylarni tayyorlashdir. Nashrning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, mamlakat AQSH qo‘shinlari ko‘magisiz va harbiy bazalarisiz mamlakatda bo‘lishni davom ettirish qiyin bo‘ladi. Shuningdek, yozilishicha, mamlakat Sandhurst in the Sands deb nomlangan o‘quv-mashg‘ulot lageri ustidan nazoratni mahalliy hukumatga topshirish rejalarini ishlab chiqmoqda. Ushbu baza hududida ingliz harbiylari afg‘on askarlarini o‘qitgan.

Tolibon barcha xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan chiqarilguniga qadar xalqaro konferensiyalarda qatnashmasligini e’lon qildi. “Barcha xorijiy kuchlar bizning vatanimizni tark etguniga qadar biz Afg‘oniston kelajagi to‘g‘risida qaror qabul qilishga bag‘ishlangan konferensiyalarda qatnashmaymiz”, dedi Tolibonning Qatardagi vakolatxonasi vakili Muhammad Naim.


Turkiya ikki haftaga karantin cheklovlarini kuchaytirdi

Turkiya kelgusi ikki hafta ichida aniqlangan COVID-19 infeksiyasi holatlari sonining ko‘payishi sababli mamlakatda qisman lokdaunni joriy qilmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Tayyip Erdog‘an bayonotiga asoslanib Anadolu agentligi xabar bermoqda. “Turkiya COVID-19ga qarshi choralarni kuchaytiradi va Ramazonning dastlabki ikki haftasida qisman lokdaunni joriy qiladi”, deya agentlik davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi. Bundan tashqari, shaharlar o‘rtasida sayohat qilish taqiqlandi. — Anadolu.


Armaniston bosh vaziri Qorabog‘dagi jangovar harakatlar paytida 4 mingga yaqin askar halok bo‘lganligini aytdi

2020 yil kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi urush paytida, 14 aprel holatiga ko‘ra, 3621 harbiy xizmatchining o‘limi tasdiqlandi, dedi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan. 321 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan, deya ta’kidladi u. Unga ko‘ra, 201 kishining jasadi va qoldiqlari DNK tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. “Bundan tashqari, aniqlangan 100 dan ortiq odamlarning jasadlari bor, ammo qarindoshlari ushbu faktni qabul qilishdan bosh tortib, jasadlarini olib ketishmayapti”, dedi Pashinyan. Ayni paytda Qorabog‘ mojarosi zonasida halok bo‘lganlarni qidirish ishlari davom etmoqda. — TASS.

Qorabog‘ mojaro zonasida harbiy harakatlar 2020 yil 27 sentyabrda boshlangan. 10 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish va Rossiya tinchlikparvar kuchlarini kiritish, shuningdek, hududdagi bir necha viloyatlarni Ozarbayjonga o‘tkazish to‘g‘risida uch tomonlama bayonot qabul qildilar.


Meksikada boshpana so‘rab murojaat qilish besh yil ichida 32 baravar oshdi

Meksikadan boshpana izlamoqchi bo‘lgan chet el fuqarolari soni muttasil o‘sib bormoqda, 2014 yildan 2019 yilgacha ko‘rsatkich 30 barovar oshdi. Bu haqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi 13 aprel kuni e’lon qilgan bayonotida aytilgan. “2021 yil mart oyida 9076 ta so‘rov yuborildi [Meksikalik qochqinlar komissiyasiga], bu bir oy ichida eng yuqori ko‘rsatkichdir”, deyiladi hujjatda. Ushbu o‘sish 2014 yilda boshlangan o‘sish tendensiyasini aks ettiradi va mamlakat arizalarni ko‘rib chiqish va qochqinlarni birlashtirish imkoniyatlarini oshirishi bilan davom etdi. 2014−2015 yillarda Meksikada ro‘yxatdan o‘tgan boshpana so‘rovlar soni 2137 dan 70302 gacha o‘sdi (3000 foizdan oshdi)". Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat hukumati 70 foizga yaqin murojaatlarni Gvatemala bilan chegaradosh janubiy Chyapas shtatidan qabul qilgan. Mart oyida Meksika hukumati AQSHga kirmoqchi bo‘lgan noqonuniy muhojirlarning ko‘payishiga javoban xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun janubiy chegaraga ko‘plab qo‘shinlar va Milliy gvardiya jangchilarini yubordi. — TASS.


AQSH 2025 yildan keyin BAAga 23 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib beradi

AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati BAA bilan 23 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ kelishuvini amalga oshirmoqchi. Yetkazib berish sanalari 2025 yildan keyingi davrga rejalashtirilgan. O‘tgan yil oxirida mamlakatning Lockheed Martin F-35 rusumidagi 50 ta qiruvchi samolyoti hamda 18 ta MQ-9B razvedkachi uchuvchisiz samolyotini BAAga sotishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilingan edi. Kelishuvning umumiy qiymati 23,37 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Nashrning ta’kidlashicha, ushbu bitim Isroil va BAA o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni to‘liq normallashtirish to‘g‘risidagi kelishuvdan so‘ng e’lon qilindi. — The Hill.


Daniya dunyoda birinchi bo‘lib AstraZeneca vaksinasidan butunlay voz kechdi

Daniya AstraZeneca vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlashdan voz kechgan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ldi. Ushbu qaror emlanganlarda kamdan-kam hollarda tromboz holatlari kuzatilishi bilan izohlanadi. Daniya sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Soren Brostrem mamlakatda kasallanish darajasi pastligi va muqobil dori-darmonlarning mavjudligi fonida vaksinadan voz kechishga qaror qilinganini ta’kidladi. Biroq, shu sababli, aholini emlash jadvali uch haftaga o‘zgartiriladi va u avgust oyining o‘rtalariga qadar davom etadi. — Copenhagen Post.