14 aprel kuni Yevropa Chempionlar ligasining chorak final uchrashuvlari javob o‘yinlari o‘tkaziladi. Bugun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan o‘yinlar oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning chorak finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

«Borussiya Dortmund» — «Manchester Siti» (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: Dortmundning «Borussiya"si ayni vaqtda Germaniya chempionatida turnir jadvalining 5-pog‘onasini egallab turibdi. Jamoa hisobida 28-turdan so‘ng 46 ochko mavjud. So‘nggi 5 tur o‘yinlarida 2 ta g‘alaba, 1 durang hamda 2 mag‘lubiyat qayd etgan. 28-turda mehmonda «Shtutgart» bilan bo‘lgan bahsda 2:3 hisobida ustun kelgan.

«Manchester Siti» esa Angliya turnir jadvalida yakka peshqadam. 32 o‘yindan so‘ng 74 ochkoga ega jamoa o‘zining eng yaqin ta’qibchisi bo‘lgan «Manchester Yunayted»dan 11 ochko oldinda («Manchester Siti» bir o‘yin ko‘p o‘tkazgan). Oxirgi 5 turning 3 tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 tasida mag‘lubiyatga uchragan. 31-turda «shaharliklar» o‘z maydonlarida «Lids»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.

Chorak finalga qanday yetib kelishdi?

«Borussiya Dortmund» F guruhida ishtirok etib 4 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat natija bilan 13 ochko to‘pladi hamda guruh peshqadami sifatida nimchorak finalga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda esa jamoa «Sevilya»ga to‘qnash keldi. Dastlabki o‘yinda dortmundliklar 2:3 hisobida g‘alaba qozonishdi. Javob o‘yinida esa 2:2 hisobida durang qayd etildi.

«Manchester Siti» C guruhida 5 g‘alaba va 1 durang qayd etib, 16 ochko bilan 1-o‘rinni egallab nimchorak finalga yo‘l oldi. Bu bosqichda esa ularga «Borussiya Myonxengladbax» duch keldi. Har ikki o‘yinda ham 2:0 hisobida g‘alabaga erishgan manchesterliklar chorak final bosqichiga chiqdi.

O‘zaro o‘yinlar: Umumiy o‘tkazilgan 5 o‘yinning 2 tasida «Borussiya Dortmund», 1 tasida esa «Manchester Siti» g‘alaba qozongan. Yana 2 uchrashuv durang bilan yakunlangan.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Dan-Aksel Zagadu, Aksel Vitsel, Marsel Shmelser, Jeydon Sancho, Yussufo Mukoko («Borussiya Dortmund»).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

Dortmundliklar safida Germaniya chempionatida 23 uchrashuv o‘tkazgan Erling Holland hozirgi kunda yaxshi formada. Jami 1962 daqiqani maydonda o‘tkazgan hujumchi 21 ta gol urib, 5 marta golli uzatma muallifiga aylangan.

Manchesterliklar tarkibida Raxim Sterling APL doirasida 27 o‘yinda maydonga tushib, 2177 daqiqani maydonda o‘tkazgan. 9 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib, 6 marta golli uzatmani amalga oshirgan.

Ma’lumot uchun, jamoalarning dastlabki o‘yini 2:1 hisobida «Manchester Siti» foydasiga hal bo‘lgan.

Foto: twitter.com/ChampionsLeague

«Liverpul» — «Real Madrid» (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: «Liverpul» jamoasi Angliya chempionatida 31-turdan so‘ng 52 ochko bilan 6-o‘rinni band etgan. APLda so‘nggi 5 o‘yinning 3 tasida g‘alaba qozonib, 2 tasida mag‘lubiyatga uchragan. 31-turda o‘z maydonida «Aston Villa»ni qabul qilgan jamoa 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.

«Real Madrid» jamoasi esa La Ligada 30-turdan keyin 66 ochko bilan 2-pog‘onada. O‘zidan oldingi «Atletiko Madrid»da 67, eng yaqin ta’qibchisi «Barselona»da esa 65 ochko mavjud. Jamoa so‘nggi 5 turning 4 tasida g‘alaba, bittasida durang natija qayd etgan. 30-turda o‘z maydonida «Barselona»ni qabul qilib, 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Chorak finalga qanday yetib kelishdi?

«Liverpul» o‘z ishtirokini D guruhida boshlab 4 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat bilan 13 ochko to‘pladi hamda 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda «Leypsig»ga duch kelgan liverpulliklar har ikki o‘yinda ham 2:0 hisobida ustun kelib, chorak finalda chiqdi.

B guruhida ishtirok etgan «Real Madrid» 3 g‘alaba, 1 durang va 2 mag‘lubiyat bilan 10 ochko to‘plagan holda 1-o‘rin bilan nimchorak finalga chiqdi. «Atalanta»ga duch kelgan madridliklar dastlabki o‘yinda 0:1, javob uchrashuvida esa 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘zaro o‘yinlar: Ikki jamoa o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 7 o‘yinning 3 tasida «Liverpul», 4 tasida esa «Real Madrid» g‘alaba qozongan.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Divok Origi, Jordan Xenderson, Jozef Gomes, Kivin Kellexer, Virjil van Deyk, Joel Matip («Liverpul»). Rafael Varan (koronavirusga ijobiy test topshirgan), Serxio Ramos.

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

Muhammad Saloh «Liverpul» safida APLda 30 ta o‘yinda maydonga tushib, 2526 daqiqani maydonda o‘tkazgan. 19 ta gol urib, 3 bor golli uzatmani amalga oshirgan.

«Real Madrid» safida Karim Benzema La Liga doirasida 26 o‘yinda 2276 daqiqani maydonda o‘tkazgan. 19 gol hamda 6 golli uzatma muallifi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, mazkur jamoalarning dastlabki o‘yinida mezbon bo‘lgan «Real Madrid» 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.