Hukumatning 10 apreldagi «Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish borasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yilning mart-sentyabr oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish ishlari uchun suv olish limitlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami limit 29 mlrd 236 mln 500 ming kub etib o‘rnatilmoqda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 4 mlrd 92 mln kub;
  • Andijon viloyati — 1 mlrd 757 mln 900 ming kub;
  • Buxoro viloyati — 2 mlrd 326 mln kub;
  • Jizzax viloyati — 1 mlrd 817 mln 500 ming kub;
  • Qashqadaryo viloyati — 3 mlrd 93 mln kub;
  • Navoiy viloyati — 899 mln kub;
  • Namangan viloyati — 1 mlrd 672 mln 800 ming kub;
  • Samarqanl viloyati — 2 mlrd 279 mln 400 ming kub;
  • Surxondaryo viloyati — 2 mlrd 410 mln 900 ming kub;
  • Sirdaryo viloyati — 1 mlrd 648 mln kub;
  • Toshkent viloyati — 2 mlrd 399 mln 600 ming kub;
  • Farg‘ona viloyati — 2 mlrd 115 mln kub;
  • Xorazm viloyati — 2 mlrd 725 mln 300 ming kub.

Qaror bilan 2021 yilda sug‘orish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirlarini yumshatish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha respublika ishchi guruhi ham shakllantirildi. Unga bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev rahbarlik qiladi.

20 aprelga qadar yozgi sug‘orish mavsumida suvdan foydalanish va suv iste’molchilari bo‘yicha tegishli shartnomalar to‘liq rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, joriy yilda jami 100 ta irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilinadi hamda boshqaruvga beriladi.

Qarorga muvofiq, suv tanqisligining oldini olish maqsadida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlarning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Avvalroq, Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoev hududdagi ekin yerlarini sug‘orish uchun Chorvoq suv omboridan suv ta’minoti cheklanishini ta’kidlagan edi. «Sizlarga faqat Chorvoqni ochib bersa. Kanal suvga to‘lsa, keyin 24 soat suv oqadi. Siz hattoki ikki soat ham suvni nazorat qilmaysiz», — degan edi prezident hokimlarga yuzlanib.

O‘tgan yilning 10 iyulida esa prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni imzolangan edi.