Uzcard va HUMO to‘lov tizimlari hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashdi. Bu haqda Uzcard matbuot xizmati xabar berdi.

Memorandum kompaniyalar infratuzilmalarini integratsiyalashni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan to‘lov tizimlari terminallari yil so‘ngiga qadar ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlaydi.

«Infratuzilmalarning integratsiyasi karta egalari, banklar va biznes egalariga sezilarli foyda keltiradi. Xaridorlarning savdo nuqtalariga kelgach qaysi terminallardan foydalanish mumkinligi haqidagi o‘ylari yo‘qoladi, tadbirkorlar esa ikkala kartadan to‘lovlarni bitta terminal orqali qabul qilishlari mumkin bo‘ladi», — dedi Milliy banklararo protsessing markazi direktori Shuhratbek Qurbonov.

Shu bilan bir qatorda, uning so‘zlariga ko‘ra Uzcard va HUMO O‘zbekistonning to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini yaratishda davom etadi.

Shuningdek, memorandum doirasida kompaniyalar karta egalari, banklar, to‘lov tashkilotlari va chakana savdo nuqtalarining manfaatlarini himoya qilishga, naqdsiz to‘lovlarni rag‘batlantirish uchun texnologiyalarni takomillashtirishga, shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kelishib olishdi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil sentyabr oyida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov Uzcard va HUMO to‘lov tizimlarining birlashishi haqidagi xabarlarni rad etgan edi.