Alisher Usmonov «Vesti v subbotu» dasturiga bergan intervyusida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar haqida fikr bildirdi.

«Mamlakat, agar turg‘unlikdan keyin bo‘lmasa, sovet iqtisodiyotidan qolgan qiyin merosdan keyin, birinchi marta haqiqiy iqtisodiy islohotlarni boshladi. Va ushbu islohotlarning tashabbuskori, birinchi navbatda, o‘z aholisining farovonligini oshirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bilan do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash bo‘yicha boshqaruvni olgan davlat rahbari (Shavkat Mirziyoyev — tahr.) hisoblanadi. Nazarimda, bu mamlakatning qachonlardir birga bo‘lgan g‘oyaviy va sinfiy ittifoqdoshlarini birlashtiradigan katta iqtisodiy loyihalarning ham boshlanishdir», — dedi u.

Alisher Usmonov O‘zbekistondagi qaysi sohalarga investitsiya kiritish kerakligiga ham to‘xtaldi.

«Birinchidan, bu paxta, meva va sabzavotlarni qayta ishlashni chuqurlashtirish va o‘zbek yeri to‘la bo‘lgan qazilma boyliklarini o‘zlashtirish hisoblanadi. Bu shunchaki resurslarni qazib chiqarish emas. Chunki O‘zbekiston hududidagi foydali qazilmalar, avvalambor, rangli metallardir», — dedi biznesmen.