Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Donbassdagi frontga yaqinda amalga oshirilgan safari davomida AQSHni Ukrainaning «yaxshi do‘sti» deb atadi. Biroq, u shuningdek Rossiyani ushlab turish va Ukraina sharqida yuz berayotgan mojarolarga nuqta qo‘yish uchun Jo Bayden «yanada ko‘proq ish qilishi kerak» deya ta’kidladi.

Vladimir Zelenskiy bu so‘zlarni ushbu safarda unga hamroh bo‘lgan CNN telekanali muxbiri Mettyu Chensga aytdi. Mojaro ro‘y berayotgan hududdagi ushbu reportaj 12 aprel kuni e’lon qilindi.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, mamlakatga kurashish uchun ko‘proq qurol-yarog‘, ko‘proq mablag‘ va eng muhimi, Ukrainaga Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun AQSH yordami kerak.

«Agar [AQSH] Ukrainani NATO tarkibida ko‘rayotgan bo‘lsa, buni ochiqchasiga aytishi va bajarishi kerak. Faqat so‘zlarda emas», — dedi Zelenskiy CNN’ga.

Zelenskiyning ushbu tashrifi 8−9 aprel kunlari bo‘lib o‘tdi. U mudofaaning oldingi saflaridagi pozitsiyalarga tashrif buyurdi va harbiylar bilan suhbatlashib, ularga mukofotlarni topshirdi.

Mart oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni general-polkovnik Ruslan Xomchak Rossiyaning Ukraina chegarasi bo‘ylab mashg‘ulotlar «niqobi ostida» 28 ta batalon taktik guruhlarini to‘plaganini va yana 25 ta batalon taktik guruhlarini joylashtirishni ko‘zlaganini, buning Ukraina xavfsizligi uchun katta tahdid bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya harbiy texnikalarining Krimda tayyorgarlik ko‘rayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi.

Rossiya esa harbiy texnikaning Krimda sinovdan o‘tkazilayotganini harbiy mashg‘ulotlar doirasida deb atadi.

11 aprel kuni AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning hatti-harakatlarini «haqiqiy tashvishlantiruvchi» vaziyat dedi. «Rossiya bundan buyog‘iga ham agressiv harakat qilishni davom ettirmoqchimi? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, prezident [Jo Bayden] buning oqibatlari qanday bo‘lishini aniq aytib o‘tdi», — dedi u.

CNN avvalroq ma’lum qilganidek, AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaqin bir necha hafta ichida Qora dengizga harbiy kemalarini yuborish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.