Mart oyining oxirida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi 340 km uzunlikdagi Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish rejalari to‘g‘risida xabar berdi. Pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqildi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasining transport loyihalari koordinatori Mansur Bustoni «Gazeta.uz» ga bergan intervyusida ushbu avtomobil yo‘li bilan bog‘liq ba’zi masalalarga izoh berdi.

— Toshkent-Andijon tezyurar avtomobil yo‘li loyihasining maqsadi va vazifalari nimadan iborat?

— Har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun tezkor, xavfsiz va barcha fasllar davomida yo‘lovchilar va yuk tashishni mamlakat hududlari o‘rtasida ham, undan tashqarida ham ta’minlashga qodir bo‘lgan temir yo‘l va avtomobil yo‘llarining samarali tizimi bo‘lishi zarur. O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning ushbu bosqichida bu vazifa har qachongidan ham dolzarbdir.

Davlat transport infratuzilmasini takomillashtirish orqali mintaqalar o‘rtasida transport aloqalarini rivojlantirishga katta mablag‘ sarflaydi. 2035 yilgacha milliy transport tizimini rivojlantirish rejalari doirasida hukumat mamlakat bo‘ylab transport aktivlarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Ular mavjud yo‘llar tarmog‘ini modernizatsiya qilishni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu chora-tadbirlar mahalliy aholi farovonligining o‘sishiga va tegishli mintaqalar va umuman mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ayni paytda hukumat tomonidan Jahon banki guruhi ko‘magida ishlab chiqilayotgan ana shunday loyihalardan biri bu Toshkent-Andijon avtomobil yo‘lini modernizatsiya qilishdir. Uni yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan avtomagistralga aylantirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Magistral foydalanuvchilarining yo‘ldagi vaqtini qisqartirish uchun loyiha Qamchiq dovoni orqali tunnel qurishni ham o‘z ichiga oladi.

Hozirgi kunda Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarni O‘zbekistonning qolgan qismi bilan bog‘laydigan faqatgina bitta yavtomobil yo‘li borligi hisobga olinsa, loyiha katta strategik ahamiyatga ega. Tunnelni ham o‘z ichiga olgan yangi avtomagistral mamlakatning aholisi eng gavjum qismining boshqa mintaqalar bilan transport aloqasini yaxshilashga yordam beradi.

Dastlabki tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yangi avtomagistral foydalanishga topshirilgandan so‘ng, Toshkentdan Andijonga sayohat vaqti taxminan 2 soatga qisqaradi. Ushbu yo‘l bo‘lajak investor yaratishi kerak bo‘lgan jahon darajasidagi infratuzilma tufayli ancha qulay va xavfsizroq bo‘ladi.

Loyiha, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan tranzit aloqalarni va savdo logistikasini yaxshilashi kutilmoqda. Shunday qilib, avtomagistral O‘zbekistonni Qirg‘iziston va Xitoy bilan bog‘lab, yangi Toshkent-O‘sh-Irkeshtam xalqaro tranzit koridorining bir qismiga aylanadi.

Ushbu yo‘lak mamlakat hududi bo‘ylab o‘tadigan eng muhim savdo yo‘llaridan biri bo‘ladi. Modernizatsiya qilingan avtomagistral O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi yuklarning tranzit vaqtini 8−10 kundan 2 kungacha qisqartirishga yordam beradi, shuningdek mahalliy mahsulot va xom ashyo ishlab chiqaruvchilari uchun yangi xalqaro bozorlarga chiqishni osonlashtiradi.

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi avtomobil yo‘lini qurish va yangi tunnel qurish paytida ham, foydalanishga topshirilgandan keyin ham minglab yangi ish o‘rinlarini, shu jumladan, ko‘rsatilgan transport yo‘lagi bo‘ylab yashovchilar uchun ish joylarini yaratishga yordam beradi.

— Ushbu loyiha qanday amalga oshiriladi?

— O‘zbekiston hukumati loyihani davlat-xususiy sheriklik (DXSH) formatida amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, ya’ni avtomobil yo‘lini qurish va undan foydalanish huquqi tegishli xalqaro tajribaga ega bo‘lgan xususiy investorga o‘tadi. Bu investor ochiq xalqaro tanlov asosida aniqlanadi.

Ushbu DXSH formatidagi loyiha O‘zbekiston transport sohasida birinchi bo‘lishi va kelajakda butun mamlakat bo‘ylab shu kabi loyihalarni amalga oshirish uchun potensial model bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

— Ushbu loyihada Jahon banki guruhining roli qanday?

— Jahon banki guruhi ushbu transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihani tayyorlash va amalga oshirishda hukumatga texnik yordam ko‘rsatish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar, shu jumladan, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi huzuridagi DXSHni rivojlantirish agentligi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Hukumat murojaatiga binoan biz loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari (DTIA) ishlab chiqildi.

Shuningdek, Jahon banki guruhi loyihani ishlab chiqishni davom ettirish uchun investitsiyadan oldingi tadqiqotlarni tayyorlashda, keyin esa potensial investorlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro tanlovni o‘tkazishda ham yordam beradi.

— Avvalroq, yangi avtomagistral ekspluatatsiyaga topshirilgandan keyin undan foydalanish uchun tariflar e’lon qilingan edi. Yengil avtomashinalar uchun foydalanish narxi so‘m ekvivalentida 5−7 dollar, yuk mashinalari va avtobuslar uchun esa so‘m ekvivalentida 15 dollarga teng bo‘lishi aytilgan edi. Shunga izoh bera olasizmi?

— Shuni ta’kidlashni istardimki, oldinroq DXSHni rivojlantirish agentligidagi hamkorlarimiz tomonidan e’lon qilingan tariflar to‘g‘risidagi ma’lumotlar DTIAda aniqlangan va foydalanilgan dastlabki o‘rtacha baho hisoblanadi. E’lon qilingan tariflar transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘xshash loyihalar uchun faqat taqribiy ko‘rsatkichlardir.

Yangi avtomagistralda transport vositalari uchun yo‘l haqi narxi haqida gapirishga hali erta. Loyihani ishlab chiqish doirasida xalqaro tanlovni o‘tkazib, yo‘lni qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha xizmatlari uchun hukumatga eng yaxshi narxni taklif qilgan investorni aniqlab, u bilan tegishli shartnoma tuzilgandan keyingina tariflarni aniqlash mumkin. Ushbu shartnomada, boshqa narsalar qatori, yo‘l haqining aniq narxi ham ko‘rsatiladi.

Ko‘rib turganingizdek, bir necha bosqichlar mavjud bo‘lib, ularni amalga oshirmasdan avtomagistraldan foydalanish uchun kelajakdagi tariflar hajmini aniqlash mumkin emas.

— Yo‘l qurish jarayonini boshlash uchun yana qanday rejalar amalga oshirilishi kerak?

— DTIA natijalari shuni ko‘rsatadiki, loyihani yanada rivojlantirish uchun unda zarur imkoniyatlar mavjud va u mamlakatga katta iqtisodiy foyda keltirishi mumkin. Bunday yirik infratuzilma loyihasi uchun bu juda muhim xulosa, chunki texnik-iqtisodiy asosda iqtisodiy va moliyaviy nuqtai nazardan qanday sharoitlarda xususiy sarmoyalarni jalb qilish mumkinligini tushunishga imkon beradigan dastlabki ma’lumotlar mavjud.

Keyingi bosqichda hukumat investitsiyadan oldingi va kerakli muhandislik-texnik tadqiqotlarini tayyorlashni rejalashtirmoqda. Ular loyihaning asosiy texnik, moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy, ekologik va ijtimoiy jihatlarini baholaydilar va batafsilroq aniqlaydilar.

Investitsiyadan oldingi tadqiqotlar tugagandan so‘ng va keyinchalik hukumat tomonidan loyiha ma’qullangan taqdirda, DXSH loyihasinig tuzilmasi ishlab chiqilishi va xususiy investorlarni jalb qilish uchun xalqaro tanlovga qo‘yilishi mumkin. Va faqat tanlov natijalariga ko‘ra, yo‘lning aniq uchastkalari uchun yakuniy tariflar xalqaro kompaniyalarning eng yaxshi taklifiga asosan aniqlanadi.

Bu holatda, hukumat 2019 yil Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi xalqaro tanlovni o‘tkazishda foydalangan modelga o‘xshash modeldan foydalaniladi.

Eslatib o‘taman, o‘shanda kvalifikatsiyadan oldingi saralashda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Hindiston, Janubiy Afrika, Rossiya, Ispaniya, Norvegiya va Fransiyadan 23 ta kompaniya qatnashgan. Shulardan 11 ta kompaniya tanlab olingan. Natijada, 5 ta xorijiy kompaniya tender doirasida tijorat takliflarini berdi, ular orasida g‘olib bo‘lgan BAAning Masdar Slean Energy kompaniyasi ham bor edi. Kompaniya hukumatga eng past narxda elektr energiyasini yetkazib berishni taklif qildi — 1 kVt/soat uchun taxminan 2,7 sent. O‘sha paytda, bu rivojlanayotgan bozorlarda quyosh energiyasidan elektr tokini ishlab chiqarish uchun eng past tariflardan biri edi.

— Avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha xalqaro tenderni qancha vaqt ichida o‘tkazish mumkin?

— Ayni paytda investitsiyadan oldingi tadqiqotlar va batafsil muhandislik-texnik tadqiqotlar yakuniga qadar tenderni o‘tkazishning aniq muddati haqida gapirish qiyin. Ular yuqori sifatli va ishonchli loyihani tuzish va DXSH shartlari va parametrlarini aniqlash uchun zarur. Shuni ta’kidlash kerakki, bunday infratuzilma loyihalarini tayyorlash, xalqaro tajriba ko‘rsatganidek, texnik tadqiqotlar tugagandan so‘ng bir yil yoki undan ko‘proq vaqtni talab qiladi.

O‘zbekiston uchun dunyoning boshqa qismlarida transport infratuzilmasini rivojlantirish va tezyurar yo‘llarni boshqarish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega bo‘lgan yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokidagi shaffof va ochiq jarayon foydali bo‘ladi. Bu holatda, hukumatga xizmatlarning narxlari va sifatining optimal nisbati bilan eng raqobatbardosh takliflar berilishini kutish mumkin.