Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlarning bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha videdoselektor o‘tkazilmoqda.

Bloger Aziza Qurbonovaning yozishicha, davlat rahbari viloyatlar hokimlari yoshlar bilan ishlay olmayotganini ta’kidlagan.

«Joylardagi tuman, shahar hokimlari, sektorlar rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Yoshlar masalasi qanday muhim ekanini tushunmayapti. Yoshlarimizga yordam berib, yelkadosh bo‘lishni xohlamayapti. Nega ayni shu mavzuda yil davomida 2 ta selektor o‘tkazdim? Chunki, men ishlarning borishidan mutlaqo noroziman. Joylarda saviya yo‘q. Yoshlar bizdan 10−20 martalab ilgarilab ketgan. Hozirgi zamonga munosib ish qila olmayapmiz. Birorta tashabbus yo‘q. Ko‘p viloyatlar hokimlari bu [yoshlar bilan ishlash — tahr.] paxta, g‘alla ekishdek deb o‘ylayapti», — dedi prezident.

Davlat rahbari ishsiz yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish masalasini ham tanqid qilgan.

Jumladan, «1+1» dasturi doirasida 100 ming nafar yoshlarni o‘qitib, keyin ularga imtiyozli kredit ajratish topshirig‘i berilgan. Biroq, 3 oyda faqat 21 ming yosh o‘qitilgan.

Yig‘ilish davomida ayrim rahbarlarga qat’iy ogohlantirish ham berilgan.

Yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun:

  • Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Chori Begimqulov;
  • Furqat tumani hokimi Dilmurodjon Soliyev;
  • Ulug‘nor tumani hokimi Doniyorbek Maxsudov;

Yoshlar jinoyatchiligining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmagani uchun:

  • Shofirkon tumani prokuror;
  • Qamashi tumani prokurori;
  • Xiva ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i;
  • Chust tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i;

Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun:

  • Xo‘jayli tumani soliq idorasi rahbari;
  • Angor tumani soliq idorasi rahbari lavozimidan ozod etiladi.