Prezident yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida rektorlar faoliyatini tanqid ostiga oldi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Oliygohlar yon-atrofidagi mahalla yoshlari bilan ishlashda, rektorlarning o‘rni umuman sezilmayapti. Men har bir rektor qanday ishlashini, o‘zini qanday qiynashini yaxshi bilaman… Agar unga ishlash yoqmasa, u lavozimidan ketishi kerak», — dedi prezident.

Prezident rektorlarni o‘z hududidagi mahallagacha tushib, yoshlar tarbiyasi, uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tashabbus bildirmaganligini tanqid qildi.

«Qaysi rektor yotoqxonaga borib yoki bo‘sh yotgan madaniyat markazlarida yoshlar bilan uchrashdi, ular bilan muloqotni yo‘lga qo‘ydi, motivatsiya berish, hayotda o‘z yo‘lini topish va madaniy tadbirlarni tashkil etdi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob yo‘q».

Yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun, Farg‘ona davlat universiteti (Maqsudov), Samarqand qurilish instituti (Axmedov), Qo‘qon pedagogika (Otajonov) institutlari rektorlari va Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali direktori (Olimov) lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, davlat rahbari boshqa rektorlar qat’iy ogohlantirilishini ta’kidladi.

«Ular prezidentga yoshlar bilan ishlashni qanday tashkil qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot taqdim etishi kerak bo‘ladi. Men kim bilan ishlayotganimni bilishim kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Endilikda har bir oliygoh yon-atrofidagi kamida 5−10 tadan shahar mahallasi uchun «ma’naviyat markazi» va «madaniyat o‘chog‘i» bo‘lishi kerakligi aytildi.

Oliy o‘quv yurtlari atrofidagi mahallalardagi uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb etadi, ularning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, o‘zlariga biriktirilgan mahalladagi «yoshlar daftari»dagi yoshlar uchun oliygohlarga kirish bo‘yicha bepul tayyorlov kurslarini tashkil etadi.

Bundan tashqari, uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash uchun, yuqori kurslarda o‘qiydigan 2 nafar namunali talaba 1 nafar uyushmagan yoshning ijtimoiy faolligini oshirishga yordamlashadi.

«Ushbu tizim orqali 135 ta oliygoh kamida o‘rtacha ming nafardan yoshlarni qamrab olganda ham, kamida 100 ming nafar yoshlarga hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘mak bo‘ladi. Shu tizim yo‘lga qo‘yilsa, shaharlarda vaziyat albatta o‘zgaradi, adashgan yoshlar soni keskin kamayadi», — dedi davlat rahbari.

Ushbu tizim bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan rektor, texnikum va kollej rahbarlariga 50 foizgacha ustama to‘lab beriladi.