Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan 12 aprel kuni Qarshi shahar Loyihachilar ko‘chasidagi eski oziq-ovqat ombori hududida har xil turdagi ko‘p yillik daraxtlar kesib ketilgani aniqlandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ob’ekt qurilishi uchun daraxtlar tag qismidan kesilgan bo‘lgan. Qo‘mita davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti talablari buzilganini ma’lum qildi.

Viloyat Ekologiya boshqarmasi ijobiy xulosasi olinmasdan Qarshi shahar hokimligi 2021 yilning 25 yanvarida daraxtlarni kesishga ruxsat bergan. Natijada, jami 47 tup har xil turdagi va diametrdagi, xususan, 26 tup virgin archasi, 8 tup shumtol, 2 tup oddiy o‘rik, 3 tup chinor, 1 tup qaroli, 6 tup oq tut daraxtlari tag qismidan, 1 tup qayrag‘och daraxti esa ildizi bilan qo‘porib tashlangan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi.

“Eng achinarlisi — bu daraxtlar Respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesilishiga joriy etilgan maratoriy amal qilib turilgan bir paytda kesilgan”, — deyiladi xabarda.

Noqonuniy kesib ketilgan daraxtlar uchun o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Tabiatga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 253,5 mln so‘m deb baholanmoqda. Davlat ekologiya qo‘mitasi mazkur holat bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishli organlarga taqdim qilinishini ma’lum qildi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” Qarshi shahar hokimligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasining xulosasisiz 10 gektar maydonda kichik sanoat zonasini barpo etish uchun 2874 tup daraxtni noqonuniy kesgani haqida xabar bergan edi.

Ma’lumot o‘rnida, daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2020 yilning 31 dekabrida yakuniga yetgan edi. So‘ngra, moratoriy prezident farmoni bilan 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.