Madaniyat vazirligi mansabdorlari musiqa asboblarini haqiqiy bozor bahosidan 792,2 mln so‘m qimmatga sotib olgani aniqlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, Madaniyat vazirligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi musiqa asboblarini sotib olish bo‘yicha tender tanlovi o‘tkazgan. Tenderda musiqa asboblarini 3,3 mlrd so‘mga yetkazib berish taklifi mavjud bo‘lsa-da, kompaniya mansabdor shaxslari va boshqalar muqobil qimmatroq variantni ko‘rsatgan tadbirkorlik sub’ektini asossiz ravishda tanlovda g‘olib deb tan olgan.

Natijada musiqa asboblari haqiqiy bozor bahosidan 792,2 mln so‘mga qimmat narxda sotib olinib, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan kompaniya mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.