13 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektorda yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Chori Begimqulov, Furqat tumani hokimi Dilmurodjon Soliyev va Ulug‘nor tumani hokimi Doniyorbek Maxsudov lavozimidan ozod etilgani haqida yozgan edik.

Mazkur yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ular maoshlarini davlatga qaytarishi kerakligini ta’kidladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ishdan ketgan har biri olgan maoshini davlatga qaytarib berishi kerak. Pulni bolalar uyiga olib borish lozim. Ular xoinlar… Endi huddi shunday tartib bo‘ladi», — dedi prezident.

Bundan tashqari, yig‘ilishda SSP raisi Adham Ikramov tadbirkor yoshlar bilan ishlashni tizimli tashkil etmagan Savdo-sanoat palatasining Buxoro va Surxondaryo viloyatlari rahbarlarini lavozimidan bo‘shatishi lozimligini aytildi.

Adham Ikramov, Dilmurod Qosimov, Nozim Xusanov, Xolxo‘jayev va «Mikrokreditbank» raisi Bo‘tayev qat’iy ogohlantirilib, ularga vaziyatni o‘nglashi uchun 3 oy muddat berildi.

«Adham Ikramov, Dilmurod Qosimov „1+1“ dasturi orqali 1 mln yoshlarni qamrab olib, natija ko‘rsatishi shart. Aks holda, lavozimidan olinadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, «yoshlar muammolarini faqatgina Yoshlar agentligi yoki Yoshlar ittifoqining o‘zi hal qiladi, deb o‘ylasak, xato bo‘ladi».

Prezident yoshlar bandligini ta’minlash va ularga munosib daromad olishi uchun sharoit yaratib berish — eng muhim vazifa hisoblanishini ta’kidladi.

«Yana bir bor takrorlayman, bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz, bu — tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesdir», — dedi u.

Birinchi chorakda 12 ming nafar «yoshlar daftari»ga kirganlarga 255 milliard so‘m kredit ajratildi.

Davlat rahbari ular mustaqil ravishda tadbirkor bo‘lib, «oyoqqa» tura oladimi, degan savolga hokimlar, sektor rahbarlari va sohaga mas’ullari har kuni o‘ylantirishi kerakligini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev ayrim rahbarlarning yoshlar masalalariga e’tibori, hali ham talab darajasida emasligini ta’kidladi.

«Respublika bo‘yicha 648 ming nafar ishsizlar «Yoshlar daftari»ga kiritilgan bo‘lsa, shundan birinchi chorakda 283 ming yoshlarning bandligi ta’minlandi. Bu juda past», — dedi prezident.

  • Xususan, 175 ming nafar yoshlarga 45 ming gektar yer maydoni ajratildi;
  • 76 ming nafar yoshlar doimiy va jamoat ishlariga joylashtirildi;
  • 33 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 milliard so‘m kredit, 6 ming nafariga subsidiya ajratilib, bandligiga ko‘maklashildi.

Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha turli to‘garaklar tashkil etilib, 874 mingga yaqin yoshlar jalb etildi.

«Besh muhim tashabbus» doirasida 97 mingta madaniyat, sport inventarlari va kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga yetkazib berildi.

Misol uchun, Andijon viloyatida 80 ming nafar ishsiz yoshlardan, birinchi chorakda 35 ming 600 nafarining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, shundan bor-yo‘g‘i 5 mingga yaqini doimiy ishlarga joylashtirilgan.

«Vaholanki, bugungi kunda viloyatda sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish o‘rinlari mavjud. Jalaquduq, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahrida bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xuddi shu kabi, ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitishda ham muammolar bor», — dedi prezident.

Ayniqsa, Kosonsoyda 4,5 ming nafar ishsiz yoshlarning 31 nafari, Namangan tumanida 3,6 ming nafardan 47 nafari, Taxtako‘pirda 1,3 ming nafardan 45 nafari o‘qitilgan, xolos.

Shuningdek, yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishi uchun Bandlik jamg‘armasidan 7 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 5 nafar, Andijonda 11 nafar, Qoraqalpog‘istonda 76 nafar yoshlarga subsidiya ajratilgan.

«Oldingi yig‘ilishda Ikramov, Xolxo‘jayev va „Mikrokreditbank“ (Bo‘tayev)ga „1+1“ dasturi doirasida 100 ming nafar yoshlarni o‘qitib, keyin ularga imtiyozli kredit ajratish topshirig‘i berilgan edi. Lekin, Ikramov va uning quyi tuzilmalari bu ishlarni tizimli tashkil eta olmayapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misol uchun, uch oyda respublika bo‘yicha 21 ming nafar yoshlar tadbirkorlikka o‘qitilgan (viloyatlar kesimida o‘rtacha 1,5 ming nafar), Toshkent shahrida atigi 1 mingta, Namanganda esa 1 ming 100 ta sertifikat berilgan.

Buxoroda esa, bor-yo‘g‘i 216 nafar yoshlarga kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali 6,2 milliard so‘m kredit ajratilgan (o‘qitilganlarning 20 foizi).

Bu holat imtiyozli kreditlarni ajratishdan avval, yoshlarni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishga yetarli e’tibor berilmayotganidan dalolat.

Bundan tashqari, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash Surxondaryo viloyatida 30 foizni (15 ming 500 nafar) tashkil etib, bu respublikadagi eng past ko‘rsatkich.

Xuddi shu kabi, Xo‘jaylida atigi 16 nafar (2 ming nafar yoshlar ishsiz), Furqatda 27 nafar (2,1 ming nafar), Ulug‘norda 78 nafar (3,7 ming nafar), Angorda 82 nafar (3,4 ming nafar) ishsiz yoshlar «1+1» loyihasi bilan qamrab olingan.

Yoshlar bilan yetarli ish olib borilmagani oqibatida, ular o‘rtasida jinoyatchilik Surxondaryoda 70 foizga oshgan (239 ta jinoyat).

Bu boradagi ahvol Shofirkon, Qamashi, Xiva va Chust tumanlarida ham qoniqarsiz.