Andijon shahri yaqinida «Yangi Andijon» turar joy massivini qurish rejalashtirilmoqda. Mazkur ob’ektning bosh rejasi dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilindi.

«Andijon — mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan shaharlardan. Shaharning o‘zida rivojlanish uchun bo‘sh joy yo‘q», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Umumiy maydoni qariyb 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning bosh rejasiga ko‘ra, u 1439 gektar turli qurilmalar, ya’ni uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat ko‘rsatish hududi va 499 gektar yo‘llardan iborat bo‘ladi.

Eng muhimi, bu massiv aholi uylari bo‘lmagan, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan bo‘sh maydonda barpo etiladi. Turar joy massivi qurilishi natijasida 411 ming nafar aholi yashashi mumkin bo‘lgan yangi shaharcha paydo bo‘ladi.

Prezident loyiha bilan tanishib, uy-joylarni puxta va sifatli loyihalashtirish, uni amalga oshirishda mahalliy mutaxassislarning salohiyatidan unumli foydalanish, unda imkon qadar ko‘proq yashil hududlar, bog‘ va xiyobonlar tashkil etilishini, aholining dam olishi va mehnat qilishi uchun qulay sharoitlarni nazarda tutish bo‘yicha topshiriqlar berdi.